Yoshlar siyosati
O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi tizimida yoshlarga oid davlat siyosati O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining "Yoshlarga oid davlat siyosati samaradorligini oshirish va O‘zbekiston yoshlar Ittifoqi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida"gi 2017-yil 5-iyuldagi PF-5106-son Farmoni asosida amalga oshiriladi.
Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi tizimida yoshlarga oid davlat siyosati ijrosi yuzasidan 2024 yil uchun ishlab chiqilgan chora-tadbirlar dasturi tasdiqlanib, ushbu dasturga muvofiq ishlar amalga oshiriladi.
Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi quyi tizimlarida jami 23 ta tashkilot mavjud bo‘lib, ularda jami 10 ming nafar xodim mehnat faoliyatini olib bormoqda. Ularning 4 ming nafarini 30 yoshgacha bo‘lgan ishchi-xodimlar tashkil etadi.
Yoshlarga oid davlat siyosatini ro‘yobga chiqarishda nodavlat notijorat tashkilotlar, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari hamda fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan (O‘zbekiston yoshlar Ittifoqi, Respublika ma‘naviyat-targ‘ibot markazi).
Yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishni ta‘minlash maqsadida maxsus fan, texnika to‘garaklari va ijodiy to‘garaklar, klublar tashkil etilgan. Xususan, "Yosh mutaxassislar kengashi" tashkil etilgan bo‘lib doimiy ravishda faoliyat yuritib keladi.
Yoshlar o‘rtasida jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish, sog‘lom turmush tarzini shakllantirishga bo‘lgan intilishni va sportga bo‘lgan qiziqishini rag‘batlantirish yuzasidan sport inshoatlari bilan shartnoma asosida mini futbol, stol tennisi, voleybol turlari bo‘yicha doimiy ravishda musobaqalar tashkil etib kelinadi, shu bilan bir qatorda tizimosti korxonalarida sport xonalari tashkil etilgan.
Yoshlarga oid davlat siyosatini ro‘yobga chiqarishda tuzilma tomonidan ommaviy axborot vositalari orqali yoritib boriladi.