Xalqaro hamkorlik
O‘zbekiston Respublikasi ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi - O‘zbekiston Respublikasi o‘z milliy manfaatlariga asoslangan holda ochiq, o‘zaro manfaatli va konstruktiv tashqi siyosat olib boradi. Respublikaning zamonaviy tashiq siyosiy kursi dunyoda va mintaqada shiddat bilan o‘zgarayotgan vaziyat, hamda mamlakatning ichidagi keng ko‘lamli o‘zgarishlarga asoslanib shakllanadi.
O‘zbekiston Respublikasi tashqi siyosiy faoliyatining bosh maqsadi – davlat mustaqilligi va suverenitetini, xalqaro maydondagi o‘rni va rolini mustahkamlash, yon-atrofida xavfsizlik, barqarorlik va ahil qo‘shnichilik muhitini shakllantirish, respublikaning tashqi iqtisodiy manfaatlarini faol tarzda ilgari surish.
1. O‘zbekiston davlatlarning suveren tengligi, kuch ishlatmaslik yoki kuch bilan tahdid qilmaslik, chegaralarning daxlsizligi, boshqa davlatlarning ichki ishlariga aralashmaslik;
2. Xalqaro majburiyatlarni vijdonan bajarish, inson huquqlarini hurmat qilish va himoya qilish va xalqaro huquqning boshqa umume’tirof etilgan tamoyilllari va normalari;
3. Xavfsizlikning bo'linmasligi, ochiqlik va pragmatizm, qo‘shni mamlakatlar bilan har tomonlama yaxshi qo'shnichilik munosabatlarini rivojlantirish, mintaqaviy va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash kabi asosiy tamoyillarga tayangan holda tinchlik, taraqqiyot va farovonlik yo‘lida barcha sheriklar bilan hamkorlikni kengaytirishdan manfaatdor.
Tashqi siyosiy faoliyatning asosiy va birinchi darajali vazifalaridan biri bu 2022 - 2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasini samarali amalga oshirishdir.
Ushbu maqsadga erishish uchun quyidagi vazifalar qo‘yilgan:
- mamlakatimizda olib borilayotgan demokratik islohotlarni hamda jamiyat va iqtisodiyotni modernizatsiya qilishning jadal jarayonlarini samarali amalga oshirish uchun mumkin qadar qulay tashqi siyosiy shart-sharoitlarni shakllantirish;
- Markaziy Osiyoda tinchlik va barqarorlikni saqlash hamda mustahkamlash, mintaqani xavfsizlik va barqaror taraqqiyot hududiga aylantirish;
- jahonning yetakchi davlatlari va xalqaro tashkilotlar bilan strategik hamkorlik qilishning mutanosib, ko‘p qirrali tizimini shakllantirish;
- O‘zbekistonning mintaqa va jahon siyosatidagi muhim yo‘nalishlar bo‘yicha xalqaro tashabbuslarini ilgari surish;
- mahalliy mahsulotlarning eksport hajmini oshirish va geografiyasini kengaytirish borasida ko‘maklashish;
- milliy iqtisodiyotning ustuvor tarmoqlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar va ilg‘or texnologiyalarni jalb etishda faol ko‘mak berish;
- mamlakatimizga turistlarni jalb qilish hamda turistik infratuzilmani rivojlantirish borasida amaliy yordam ko‘rsatish;
- transport va tranzit sohasidagi hamkorlikni kengaytirish va chuqurlashtirishda hamda xalqaro transport kommunikatsiyalari va logistik infratuzilmalarni rivojlanishiga ko‘maklashish.
O‘zbekiston mintaqa davlatlari bilan do‘stona va ahil qo‘shnichilik munosabatlarini mustahkamlashdan, ilmiy-texnikaviy va madaniy-gumanitar hamkorlikni rivojlantirishdan, parlamentlar, chegara hududlari, jamoat tashkilotlari va fuqarolar o‘rtasidagi aloqalarni kuchaytirishdan manfaatdor.