Tashqi ishlar vazirligining 2025-yil fevral oyidagi faoliyati to‘g‘risida

Assalomu alaykum!
O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining fevral oyidagi faoliyati haqida qisqacha to‘xtalib o‘tamiz.
O‘tgan davr mobaynida mamlakatimizga
1. 9 ta xorijiy davlat yuqori darajadagi delegatsiyalarining 13 ta tashrifi tashkil etildi.
18 ta chet mamlakatlar davlat tashkilotlari vakillari, hududiy boshqaruv organlari delegatsiyalarining O‘zbekistonga 63 marotaba tashrifi amalga oshirildi.
3. Yuqori darajadagi O‘zbekiston delegatsiyalarining 25 ta mamlakatga 34 ta tashrifi ishlab chiqildi.
Respublikamiz davlat tashkilotlari vakillari, viloyat hokimlari va ularning o‘rinbosarlari ishtirokidagi delegatsiyalar 42 ta xorij davlatiga umumiy hisobda 84 ta xizmat safariga borishiga amaliy yordam berildi.
O‘tkazilgan tashrif va uchrashuvlar yakunlari bo‘yicha xorij tomoni bilan aloqalarni jadallashtirish yuzasidan aniq takliflar ishlab chiqildi.
4. Fevral oyida O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri chet davlatlar yuqori martabali vakillari va tashqi siyosat idoralari rahbarlari bilan qator uchrashuv o‘tkazdi.
Xususan, Yaponiya, Iordaniya, Malayziya, Indoneziya, O‘mon, Pokiston, Kuvayt yuqori martabali vakillari va ASEAN assotsiatsiyasi Bosh kotibi bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvlarda O‘zbekistonning ushbu mamlakatlar bilan siyosiy-diplomatik, savdo-investitsiya va madaniy-gumanitar yo‘nalishdagi munosabatlarini mustahkamlash masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Bundan tashqari, oy davomida Tashqi ishlar vaziri Belarus, Kanada, Ispaniya, Estoniya, Gruziya, Slovakiya va Turkiya davlatlarining O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor elchilarini qabul qildi.
AQSH, Fransiya, Vengriya tashqi siyosat idoralari rahbarlari bilan telefon orqali muloqotlar o‘tkazildi.
Tashqi ishlar vaziri boshchiligidagi O‘zbekiston Respublikasi delegatsiyasining Iordaniya va Indoneziyaga tashriflari bo‘lib o‘tdi.
Kun tartibidan siyosiy, madaniy va tadbirkorlik almashinuvlari, diplomatik pasport egalari uchun viza talablaridan ozod qilish shartnomalari, hukumatlararo komissiya tuzish, qo‘shma biznes loyihalar amalga oshirish, taʼlim sohasida hamkorlik, xususan, talabalar almashunuvi, ilmiy konferensiyalar o‘tkazish hamda sarmoyaviy loyihalarni ishlab chiqish masalalari o‘rin oldi.
Iordaniyaga tashrif davomida mamlakat Podshohiga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tabrik va maktublari yetkazildi.
Bundan tashqari, o‘tgan davrda O‘zbekiston Prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili, vazir o‘rinbosarlari va vazir maslahatchilari tomonidan 100 ga yaqin uchrashuv, muzokara va siyosiy maslahatlashuvlar o‘tkazildi.
Jumladan:
- 5-fevral kuni Toshkentda O‘zbekiston va Pokiston tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasidagi siyosiy maslahatlashuvlarning 8-davrasi bo‘lib o‘tdi.
- 4-5-fevralda O‘zbekiston delegatsiyasi Moskva shahriga tashrif buyurib, Sog‘liqni saqlash, Ichki va Tashqi ishlar, Iqtisodiy rivojlanish, Fan va taʼlim vazirliklari, Mehnat va bandlik federal agentligi (Rostrud) va Moskva shahar hokimligi rahbariyati bilan uchrashuvlar o‘tkazdi.
-Mazkur oy davomida Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosarlarining Xalqaro migratsiya tashkiloti, YUNISEF hamda Birlashgan Millatlar Tashkilotlarining (BMT) O‘zbekistondagi vakolatxonalari vakillari bilan uchrashuvlari tashkil etildi.
- Shuningdek, Saudiya Arabistoni, O‘mon, Ukraina , Qatar, Xitoy, Qirg‘iziston, Belarus, Vengriya, Fransiya, AQSH, Hindiston, Afg‘oniston, Kanada, Pokiston, Iordaniya, Ispaniya davlatlarining O‘zbekistondagi favqulodda va Muxtor elchilari bilan uchrashuvlari o‘tkazildi.
II. Endi eʼtiboringizni O‘zbekistonning ko‘p tomonlama diplomatiyasiga qaratamiz.
1. Yuqori darajada 13 ta xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar yuqori martabali vakillari qabul qilindi.
2. Shveysariya, Germaniya, Angliya, AQSH, Buyuk Britaniya, Fransiya, Vengriya, Turkiya, Tayland, Xitoy, Janubiy Koreya, Quvayt, Qatar kabi davlatlarda bo‘lib o‘tgan 34 ta ko‘p tomonlama tadbirlarda yuqori darajadagi O‘zbekiston delegatsiyalari ishtirok etdi.
Nyu-York, Myunxen, Tehron, Ostona, Bangkok, Vena shaharlarida bo‘lib o‘tgan 7 ta ko‘p tomonlama tadbirlarda O‘zbekiston davlat idoralari vakillari qatnashdilar.
Xalqaro va mintaqaviy tashkilotlarning ekspertlari darajasidagi delegatsiyalarining O‘zbekistonga 15 ta tashrifi o‘tkazildi.
III. Mamlakatimiz xalqaro hamkorligining shartnomaviy-huquqiy asosini kengaytirish bo‘yicha tizimli ishlar olib borildi. Xususan, 31 ta yangi xalqaro bitim imzolandi hamda 28 ta xalqaro shartnoma kuchga kirdi.
IV. Iqtisodiy diplomatiya Tashqi ishlar vazirligi va chet eldagi diplomatik vakolatxonalar faoliyatida ustuvor ahamiyat kasb etadishan yo‘nalishlaridan biridir.
Xususan, fevral oyida O‘zbekistonning chet eldagi diplomatik vakolatxonalari tomonidan xorijiy investitsiyalar oqimini ko‘paytirish, eksport hajmini oshirish va aniq loyihalarni amalga oshirish maqsadida xorijda 10 dan ortiq biznes-forumlar o‘tkazildi. Xususan:
- 12-fevral kuni Jakarta shahrida O‘zbekiston-Indoneziya biznes-forumi o‘tkazildi. Ushbu forumda mamlakatning 200 dan ortiq yetakchi kompaniyalar, davlat idoralari va moliya institutlari vakillari qatnashdilar. Mazkur tadbir ikki davlat o‘rtasida savdo, sarmoyaviy va ishbilarmonlik aloqalarini chuqurlashtirish, turli sohalardagi salohiyatni ochish, innovatsiyalar va barqaror rivojlanish sohasida hamkorlik aloqalarini mustahkamlash imkonini berdi.
- Joriy yil 2-3-fevralda Iordaniyaning 30 dan ortiq yetakchi kompaniyalar vakillari bilan ikki tomonlama uchrashuvlar va davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
- Kobul shahrida biznes-forum va B2B uchrashuvlari tashkil etildi.
- 16-fevral kuni Kuvaytda “O‘zbekiston-Kuvayt biznes forumi” tashkil etildi. Forumda 100 ga yaqin kuvaytlik investor, importer va biznesmenlar qatnashdi.
V. Xorijdagi O‘zbekiston fuqarolarining qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilish, vatandoshlar bilan muloqotni mustahkamlash Tashqi ishlar vazirligi va diplomatik vakolatxonalarimiz oldida turgan eng muhim vazifalardan biridir. Shu maʼnoda konsullik-huquqiy faoliyat doirasida:
- 9880 nafar O‘zbekiston fuqarosiga konsullik xizmatlari ko‘rsatildi;
- 2223 nafar hamyurtimizni chet elda ish bilan taʼminlashga ko‘maklashildi;
- chet elda moddiy jihatdan murakkab vaziyatda qolgan 52 nafar fuqaroga qariyb 12 150 AQSH dollari miqdorida yordam ko‘rsatildi;
- chet davlatlarda qiyin vaziyatlarda qolgan, masalan, odam savdosi qurboni bo‘lgan, yoki ishsiz, boquvchisiz qolganlar va boshqa murakkab ahvoldagi 185 nafar fuqaromiz Vatanimizga qaytarildi. Shu jumladan:
- 24-fevral kuni AQSH tomoni bilan olib borilgan muzokaralar natijasida Kosta-Rikaga yuborilishi rejalashtirilgan, lekin vatanga qaytish niyatida bo‘lgan 7 nafar fuqarolarimiz O‘zbekistonga qaytarildi.
- 30 ta fuqaro vaqtincha saqlash muassasalaridan olib chiqildi;
- pasporti ish beruvchilar tomonidan noqonuniy tarzda olib qo‘yilgan 18 nafar fuqaromizga shaxsini tasdiqlovchi hujjati qaytarib olib berildi.
Jismoniy va yuridik shaxslardan umumiy hisobda 8870 ta murojaatlar kelib tushdi.
Barcha murojaatlar o‘rnatilgan tartibda ko‘rib chiqilib, shulardan 8340 ta murojaat hal qilindi. 530 tasi esa tegishliligi bo‘yicha boshqa tashkilotlarga yuborildi.
12 005 ta chet el fuqarosiga O‘zbekistonga kirish vizalari berilgan bo‘lib, shundan 6738 tasi elektron tarzda rasmiylashtirilgan.
***
Shu bilan fevral oyi yakunlariga bag‘ishlangan brifingimiz nihoyasiga yetdi.
Fursatdan foydalanib, barcha muhtarama ayollarni, opa-singillarimizni yaqinlashib kelayotgan 8-mart –Xalqaro xotin-qizlar kuni bilan samimiy qutlaymiz.
Mehr va ezgulik timsoli bo‘lmish ayollar har doim jamiyatimizning tayanchi, oilaning ko‘rki va kelajak avlod tarbiyachisi bo‘lib kelgan. Bugun har bir sohada erishayotgan yutuqlaringiz bilan siz nafaqat o‘z oilangiz, balki butun jamiyat ravnaqiga ulkan hissa qo‘shmoqdasiz.
Ushbu go‘zal bayram munosabati bilan Vazirligimiz nomidan sizga mustahkam sog‘lik, oilaviy baxt va barcha ishlaringizda zafarlar tilaymiz!
Eʼtiboringiz uchun rahmat!
