O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining bayonoti
2025-10-09 17:00:00 / TIV bayonotlari
O‘zbekiston Respublikasi AQSh Prezidenti Donald Trampning bevosita ko‘magida G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatish va garovga olinganlarni ozod etish bo‘yicha erishilgan kelishuvni olqishlaydi.
Misr, Qatar va Turkiyaning ushbu muhim jarayonda muvofiqlashtirilgan faoliyatini va ularning muhim rolini yuqori baholaymiz. Mazkur sa’y-harakatlar zo‘ravonlikni tez fursatda to‘xtatish, gumanitar inqirozni yengillashtirish hamda siyosiy muloqotni tiklash uchun zamin yaratmoqda.
O‘zbekiston doimo xalqaro huquq me’yorlari va BMT Xavfsizlik Kengashi rezolyutsiyalari asosida Yaqin Sharqda mustahkam va adolatli tinchlik o‘rnatilishini qo‘llab-quvvatlaydi.
O‘t ochishni to‘xtatish vaqtinchalik chora emas, balki tomonlar o‘rtasida xavfsizlikni ta’minlash, barqaror hamjihatlikni o‘rnatish va o‘zaro ishonchni tiklashga qaratilgan uzoq muddatli siyosiy yechim sari muhim qadam bo‘lishiga ishonchimiz komil.
O‘zbekiston Respublikasi Yaqin Sharqda tinchlik, barqarorlik va gumanitar yengillikni ta’minlashga qaratilgan xalqaro sa’y-harakatlarga konstruktiv hissa qo‘shishga tayyorligini yana bir bor tasdiqlaydi.
