O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining bayonot
2025-08-09 14:00:00 / TIV bayonotlari
O‘zbekiston Respublikasi Ozarbayjon Respublikasi va Armaniston Respublikasi o‘rtasidagi tinchlik muzokaralarida muhim natijaga erishilganini olqishlaydi.
Kuni kecha Vashingtonda tarixiy Qo‘shma deklaratsiyaning imzolanishiga Ozarbayjon Respublikasi va Armaniston Respublikasi yetakchilarining kuchli siyosiy irodasi va qat’iyati, shuningdek, Amerika Qo‘shma Shtatlari Prezidentining faol tinchlikparvar sa’y-harakatlari tufayli erishildi, deb hisoblaymiz.
Barcha tomonlarning ko‘p yillik mojaroni bartaraf etishga qaratilgan sa’y-harakatlarini yuqori baholaymiz. Ishonchimiz komilki, Janubiy Kavkazda uzoq muddatli tinchlik va barqarorlikning imkon qadar tezroq o‘rnatilishi keng mintaqamizdagi barcha xalqlar manfaati uchun yirik transport va infratuzilmaviy loyihalarni amalga oshirishga zamin yaratadi.
