C5+1: Tarixiy sheriklik, farovon kelajak
2026-10-19 13:45:00 / TIV bayonotlari
Biz, Qozog‘iston, Qirg‘iz Respublikasi, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirlari hamda Amerika Qo‘shma Shtatlari Davlat kotibi, 2026-yil 19-oktabr kuni Samarqandda bo‘lib o‘tadigan C5+1 formatidagi vazirlar uchrashuvi munosabati bilan AQSh va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi uzoq muddatli sheriklik istiqboli yuzasidan umumiy qarashlarimizni bayon etamiz.
Biz Amerika Qo‘shma Shtatlari va Markaziy Osiyoni uzoq muddatli, o‘zaro manfaatli va ustuvor sheriklar sifatida tasavvur qilamiz.
O‘n yildan ortiq vaqt avval C5+1 formatidagi ilk vazirlar uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Bu barcha davlatlarning suvereniteti, mustaqilligi va hududiy yaxlitligiga o‘zaro hurmat tamoyiliga asoslangan diplomatik platformani rivojlantirish yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi.
Joriy yilda Qozog‘iston, Qirg‘iz Respublikasi, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligini, Amerika Qo‘shma Shtatlari esa o‘z mustaqilligining 250 yilligini keng nishonlayotgan bir paytda, biz kelgusi ko‘plab avlodlar davomida mustahkam sheriklikni rivojlantirishni ko‘zlamoqdamiz.
C5+1 mamlakatlari hukumatlari suveren davlatlar o‘rtasidagi do‘stlik muhimligini tasdiqlar ekan, mamlakatlarimizning tarixiy hissasini e’tirof etamiz, bugungi imkoniyatlardan foydalanamiz hamda har bir mamlakatimiz fuqarolari uchun yanada tinch va farovon kelajakni barpo etishga intilamiz. Biz nizolarni tinch yo‘l bilan hal etish tamoyillarini rivojlantirishni, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi muloqot va hamkorlikni izchil mustahkamlashni ko‘zlaymiz.
Biz Amerika Qo‘shma Shtatlari va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi aloqalar tobora mustahkamlanib borishini tasavvur qilamiz.
Aloqalar chorrahasida joylashgan ushbu mintaqada biz AQSh va Markaziy Osiyoni o‘zaro bog‘lab turuvchi tarixiy rishtalarni qayta ko‘rib chiqamiz hamda ularni mustahkamlashning innovatsion yo‘llarini izlaymiz. Ilgari masofalar fuqarolarimizning bir-birimizdagi betakror maskanlarni ko‘rish va ular bilan tanishish imkoniyatlarini cheklagan bo‘lsa, bugun biz yangi va zamonaviy transport aloqalarini yaratmoqdamiz. Transkaspiy savdo yo‘lagi bo‘ylab o‘zaro manfaatli sheriklikni mustahkamlab, transport qatnovini yengillashtirish uchun infratuzilmaga sarmoya kiritmoqdamiz. Geografik masofalarni qisqartirish va C5+1 mamlakatlari xalqlarini yanada yaqinlashtirish maqsadida, jumladan, ingliz tilini o‘rgatish va ta’lim sohasidagi hamkorlik orqali raqamli aloqalar va hamjamiyatlar o‘rtasidagi munosabatlarni rivojlantirmoqdamiz.
Biz Markaziy Osiyoning global iqtisodiyotda markaziy o‘rin egallashini tasavvur qilamiz.
Biz Markaziy Osiyoning global iqtisodiyot markazidagi o‘rnini qayta tiklashga intilamiz. Transkaspiy savdo yo‘lagini yanada rivojlantirishga qaratilgan birgalikdagi sa’y-harakatlarimiz Markaziy Osiyo va AQSh o‘rtasida ikki tomonlama savdo va investitsiyalarni misli ko‘rilmagan darajada kengaytirishga, shuningdek, jadal o‘sayotgan bozorlardagi imkoniyatlarni ishga solishga xizmat qiladi.
Markaziy Osiyoda mintaqaviy iqtisodiy integratsiyani yanada chuqurlashtirish, jumladan, mintaqa ichidagi savdoni kengaytirish, transport aloqalarini yaxshilash, bojxona tartib-taomillarini uyg‘unlashtirish va sanoat sohasidagi hamkorlikni mustahkamlash orqali biz AQSh bilan bog‘langan, raqobatbardosh mintaqaviy bozorni shakllantirmoqdamiz.
Rivojlanib borayotgan C5+1 platformasi Markaziy Osiyoda faoliyat yuritayotgan Amerika kompaniyalari uchun o‘zaro manfaatli yangi tijorat imkoniyatlarini yaratishda davom etadi. Shu bilan birga, hukumatlarimiz Markaziy Osiyo korxonalarining AQSh bozoriga sarmoya kiritishi va ushbu bozorda faoliyat yuritishi uchun kengaytirilgan imkoniyatlarni nazarda tutmoqda. Xavfsiz va ishonchli texnologiyalar, Amerikaning texnologik salohiyati hamda Markaziy Osiyoda jadal rivojlanayotgan texnologiya tarmoqlaridan foydalanish orqali biz elektron tijorat ravnaq topadigan, innovatsion yechimlar keng qo‘llaniladigan va iqtidorli tadbirkorlar muvaffaqiyatga erishadigan mintaqani shakllantirishga intilamiz.
Biz kelajak taraqqiyotiga kuch bag‘ishlaydigan hamkorlikni tasavvur qilamiz.
AQSh va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi energetika sohasidagi hamkorlikni mustahkamlash barqaror iqtisodiy o‘sish va energetik barqarorlikni ta’minlaydigan, yuqori qo‘shilgan qiymatga ega integratsiyalashgan ta’minot zanjirlarini rivojlantirish borasidagi sa’y-harakatlarga kuchli turtki berishini e’tirof etamiz. Mamlakatlarimizning har biri hali to‘liq o‘zlashtirilmagan tabiiy resurslarning o‘ziga xos zaxiralariga ega. Mintaqada energetika sohasini rivojlantirishning umumiy va qudratli harakatlantiruvchi kuchiga aylanish uchun o‘z salohiyatimizni birlashtiramiz. Geologik ma’lumotlar katta boylik hisoblanadi. Shu bois, biz geologik ma’lumotlarni boshqarish bo‘yicha tajriba va ilg‘or amaliyotlarni almashishni maqsad qilganmiz.
Mamlakatlarimizning har biri uchun maksimal manfaat keltiradigan foydali qazilmalarni qazib olish va qayta ishlash imkoniyatlarini kengaytirishni nazarda tutamiz. Shuningdek, mintaqada qo‘shilgan qiymati yuqori mahsulotlar ishlab chiqarishni ko‘paytirishning innovatsion usullarini ishlab chiqish va ushbu mahsulotlarni xalqaro bozorlarga olib chiqish yo‘llarini yaratish orqali Markaziy Osiyoning eksport salohiyatini to‘liq ro‘yobga chiqarishni ko‘zlaymiz.
Biz barcha C5+1 mamlakatlari uchun xavfsiz kelajakni tasavvur qilamiz.
C5+1 doirasidagi xavfsizlik sohasidagi hamkorlikning mustahkamlanishi AQSh va Markaziy Osiyo xalqlariga manfaat keltiradi. Hukumatlarimiz terrorizm va transmilliy uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish hamda chegara xavfsizligini kuchaytirishga alohida e’tibor qaratadi. Noqonuniy migratsiya, odam savdosi, giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasi va qurol-yarog‘ kontrabandasiga qarshi kurashish borasidagi hamkorlik orqali xavfsizlikni yanada mustahkamlaymiz. O‘z navbatida, hamkorligimiz bojxona tartib-taomillarini takomillashtirish va savdoni yengillashtirishga xizmat qilib, barcha C5+1 mamlakatlariga manfaat keltiradigan iqtisodiy o‘sish uchun sharoit yaratadi. Raqamli davr tahdidlarini kamaytirishga qaratilgan zamonaviy yondashuv, jumladan, C5+1 doirasida kiberxavfsizlik sohasidagi hamkorlikni kuchaytirish, kiberhujumlar va kiberjinoyatchilikka qarshi samarali kurashish salohiyatimizni oshiradi.
Biz AQSh va Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasida yadroviy materiallar xavfsizligini ta’minlash borasida uzoq yillardan buyon davom etib kelayotgan hamkorlikni olqishlaymiz hamda mintaqada yadroviy xavfsizlik bo‘yicha bilim va salohiyatni mustahkamlashga qo‘shilgan qo‘shma hissani e’tirof etamiz. Markaziy Osiyoning yadro qurolidan xoli zonasi asosida yadroviy xavfsizlik, kafolatlar tizimi, yadroviy materiallarning jismoniy himoyasi va atom energiyasidan tinchlik maqsadlarida foydalanish sohalaridagi amaliy hamkorlikni yanada chuqurlashtiramiz.
Biz o‘tmish merosini e’zozlaydigan kelajakni tasavvur qilamiz.
Zamonaviy davrning ilg‘or tarmoqlarida mavjud imkoniyatlardan foydalanar ekanmiz, barcha C5+1 mamlakatlarining boy madaniy merosini asrab-avaylashga sodiqligimizni yana bir bor tasdiqlaymiz.
Xalqlarimiz tarix davomida qo‘shgan salmoqli hissani yodga olar ekanmiz, madaniy meros sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish va aholi o‘rtasidagi strategik aloqalarni mustahkamlash uchun yangi yo‘nalishlarni yaratishni maqsad qilganmiz. C5+1 mamlakatlarining o‘ziga xos tarixini targ‘ib qilish va himoya etish maqsadida huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamda madaniyat muassasalari o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytiramiz. Birgalikda kasbiy, madaniy va ta’lim almashinuvlarini kengaytirish; qadimiy yodgorliklarni asrab-avaylash va himoya qilishda yangi texnologiyalardan foydalanish; madaniy merosni muhofaza qilishni huquqni muhofaza qilish organlari faoliyati bilan uyg‘unlashtirish; shuningdek, xalqaro miqyosda yetakchilik qilishga tayyor, iqtidorli va malakali kadrlarni tayyorlashga intilamiz.
Turizm va kreativ iqtisodiyot kabi madaniy sohalarda biznes aloqalarimizni rivojlantirish orqali o‘tmish merosini e’zozlagan holda kelajak kasblari va yangi ish o‘rinlarini yaratamiz. Umumiy tajribamizdan olingan saboqlarga tayangan holda, birgalikda yanada farovon kelajakni barpo etamiz.
Biz C5+1 doirasidagi hamkorlik global muammolarga mintaqaviy yechimlarni taqdim etishda davom etishini tasavvur qilamiz.
