TIV rahbarining Daniya tashqi ishlar vaziri bilan uchrashuvi to‘g‘risida
2026-10-02 21:00:00 / Yangiliklar va voqealar

2-oktabr kuni O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov Daniya tashqi ishlar vaziri Lars Lyokke Rasmussen bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Muzokaralar davomida Daniya O‘zbekistonning Yevropadagi istiqbolli hamkorlaridan biri ekanligi qayd etildi.
Siyosiy muloqotni faollashtirish, “yashil” iqtisodiyotni rivojlantirish, ilm-fan sohasidagi almashinuvlarni kengaytirish kabi ko‘plab istiqbolli yo‘nalishlar muhokama qilindi.
Iqtisodiy aloqalarni investitsiyalar va sanoat kooperatsiyasi bilan boyitishga alohida e’tibor qaratildi. Turli sohalarda Daniya kompaniyalari bilan qo‘shma loyihalarni rivojlantirishdan manfaatdorlik bildirildi.
Muzokaralar yakunida O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi va Daniya Qirolligi Tashqi ishlar vazirligi o‘rtasida siyosiy maslahatlashuvlar to‘g‘risidagi Anglashuv memorandumi imzolandi.
Mazkur hujjat ikki mamlakat tashqi siyosat idoralari o‘rtasidagi muntazam siyosiy muloqotni yo‘lga qo‘yish, dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashish va o‘zaro manfaatli hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlarini muhokama qilish uchun institutsional asos yaratadi.
Tashrif ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlikni yangi tashabbuslar va aniq amaliy natijalar bilan boyitishga xizmat qilishi ta’kidlandi.









