O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining bayonoti
2026-09-17 15:10:00 / TIV bayonotlari
O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Saudiya Arabistoni Podshohligidagi muqaddas Makka shahriga yo‘naltirilgan uchuvchisiz uchish apparatidan foydalanilgan hujumga urinishni qat’iyan qoralaydi.
Saudiya Arabistoni Podshohligi bilan to‘liq birdamligimizni bildiramiz hamda muqaddas qadamjolar, tinch aholi va fuqarolik infratuzilmasiga tahdid soluvchi har qanday harakatlarni nomaqbul deb hisoblaymiz.
Barcha tomonlarni maksimal darajada vazminlik namoyon etishga, xalqaro huquq normalariga qat’iy rioya qilishga, davlatlarning suvereniteti, mustaqilligi va hududiy yaxlitligini hurmat qilishga chaqiramiz.
Keskinlikni kamaytirish, mojaroning yanada tarqalishining oldini olish hamda mintaqada tinchlik, xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlashga qaratilgan sa’y-harakatlarni qo‘llab-quvvatlaymiz.
