Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi bayonoti
2026-09-12 17:50:00 / TIV bayonotlari
Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Yaqin Sharqdagi vaziyatning yanada yomonlashuvi, jumladan, Saudiya Arabistoni Podshohligi hududiga raketa va uchuvchisiz uchish apparatlari hujumlari munosabati bilan chuqur xavotir bildiradi.
Tinch aholiga, fuqarolik va energetika infratuzilmasi obyektlariga qarshi kuch ishlatish bilan bogʻliq, shuningdek, mintaqa davlatlari xavfsizligi va xalqaro kema qatnoviga tahdid soluvchi har qanday harakatlarni keskin qoralaymiz.
Xalqaro huquq normalariga, jumladan, davlatlarning suvereniteti, mustaqilligi va hududiy yaxlitligini hurmat qilish tamoyillariga qatʼiy rioya etilishi zarur, deb hisoblaymiz.
Yuzaga kelgan kelishmovchiliklarni bartaraf etish faqat siyosiy-diplomatik vositalar orqali, muloqot va oʻzaro hurmat asosida amalga oshirilishi lozim.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti va mintaqa davlatlarining Yaqin Sharqda keskinlikni yumshatish, mojaroning yanada kengayishining oldini olish va barqaror tinchlik oʻrnatishga qaratilgan saʼy-harakatlarini qoʻllab-quvvatlaymiz.
