TIV rahbarining Turkmanistonga tashrifiga oid
2026-07-15 10:25:00 / Yangiliklar va voqealar

2026-yil 14-iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov boshchiligidagi delegatsiya Turkmanistonning Ashxobod shahriga amalga oshirgan rasmiy tashrifi doirasida O‘zbekiston–Turkmaniston munosabatlarini yanada mustahkamlashga qaratilgan qator oliy va yuqori darajadagi uchrashuvlar hamda muzokaralar o‘tkazildi.
Tashrif doirasida O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov boshchiligidagi delegatsiya Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov tomonidan qabul qilindi.
Uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning samimiy salomi va ezgu tilaklari yetkazildi.
O‘zbekiston–Turkmaniston strategik sherikligi jadal rivojlanayotgani, barcha darajalarda yaqin aloqalar davom etayotgani va tovar ayirboshlash hajmi barqaror sur’atlarda o‘sayotgani qayd etildi.
Tomonlar strategik sheriklikni yanada chuqurlashtirish hamda ko‘p asrlik do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini mustahkamlash bo‘yicha hamkorlikni davom ettirishga tayyor ekanligini tasdiqladi.
Shu kuni Ashxobod shahrida TIV rahbari Baxtiyor Saidov Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi Raisi o‘rinbosari, tashqi ishlar vaziri Rashid Meredov bilan tor doirada muzokaralar o‘tkazdi.
Muloqot davomida O‘zbekiston–Turkmaniston strategik sherikligini yanada chuqurlashtirish, oliy darajada erishilgan kelishuvlarning amaliy ijrosini ta’minlash hamda siyosiy muloqotni izchil davom ettirish masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, savdo-iqtisodiy, transport-logistika, energetika, madaniy-gumanitar va chegaraoldi hamkorligini kengaytirish hamda xalqaro va mintaqaviy masalalar yuzasidan yondashuvlar o‘zaro muvofiqlashtirildi.
Muzokaralar yakunida ikki tomonlama hamkorlikni yanada mustahkamlashga qaratilgan qator hujjatlar, jumladan:
—O‘zbekiston Respublikasi Hukumati va Turkmaniston Hukumati o‘rtasida xalqaro axborot xavfsizligini ta’minlash sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi Bitim;
—O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi va Turkmaniston Tashqi ishlar vazirligi o‘rtasida 2027–2028-yillarga mo‘ljallangan Hamkorlik dasturi imzolandi.
Shuningdek, O‘zbekiston va Turkmaniston tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasidagi siyosiy maslahatlashuvlarning navbatdagi davrasi bo‘lib o‘tdi.
Maslahatlashuvlarda Davlat Rahbarlari tomonidan belgilangan vazifalar ijrosi, ikki tomonlama hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari hamda mintaqaviy va xalqaro masalalar yuzasidan fikr almashildi.
Tomonlar siyosiy maslahatlashuvlar mexanizmi tashqi siyosat idoralari o‘rtasidagi muntazam muloqotni mustahkamlash va bo‘lajak oliy hamda yuqori darajadagi tadbirlar kun tartibini shakllantirishga xizmat qilishini qayd etdi.







