Amerika Qoʻshma Shtatlari va Eron Islom Respublikasi oʻrtasida oʻzaro Anglashuv memorandumi imzolangani munosabati bilan bayonot
2026-06-19 12:05:00 / TIV bayonotlari
Oʻzbekiston Respublikasi Amerika Qoʻshma Shtatlari va Eron Islom Respublikasi oʻrtasida oʻzaro Anglashuv memorandumi imzolanganini hozirgi murakkab xalqaro sharoitda keskinlikni yumshatish, mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikni tiklash yoʻlidagi muhim diplomatik yutuq sifatida olqishlaydi.
AQSh va Eron rahbariyatining hal qiluvchi pallada koʻrsatgan siyosiy irodasi va uzoqni koʻra bilishini alohida eʼtirof etamiz. Erishilgan kelishuv xalqaro hamjamiyat uzoq vaqtdan buyon kutgan tinchlik yoʻlidagi barqaror yechim uchun mustahkam zamin yaratadi.
Ushbu muhim oʻzaro anglashuvga erishish uchun zarur sharoitlarni shakllantirishga hissa qoʻshgan Pokiston va Qatarning katta hissasini, shuningdek Turkiya, Saudiya Arabistoni, Misr va boshqa mintaqaviy hamkorlarning saʼy-harakatlarini yuqori baholaymiz.
Oʻzbekiston muzokaralarning keyingi bosqichlari konstruktiv ruhda davom etishi va erishilgan kelishuvlar samarali amalga oshirilishiga umid qiladi.
Nizo va qarama-qarshiliklarni xalqaro huquq tamoyillari, oʻzaro hurmat va barcha tomonlar manfaatlarini inobatga olgan holda diplomatik vositalar orqali hal etish tinchlik va xavfsizlikni taʼminlashning asosiy sharti boʻlib qolishiga ishonamiz.
