Ruminiya faxriy konsuli va elchisi bilan uchrashuv to‘g‘risida
2026-06-17 21:35:00 / Yangiliklar va voqealar

2026-yil 17-iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Mirvohid Azimov V Toshkent Xalqaro investisiya forumida ishtirok etish uchun mamlakatimizga tashrif buyurgan Ruminiyaning sobiq tashqi ishlar va transport vaziri, shuningdek, O‘zbekistonning Ruminiyadagi faxriy konsuli Ramona Manesku hamda Ruminiyaning mamlakatimizdagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Daniel Chobanu bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Tomonlar O‘zbekiston va Ruminiya o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, transport-logistika, innovatsiyalar, farmatsevtika, sanoat, qishloq xo‘jaligi va madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlikning bugungi holati hamda uni yanada rivojlantirish istiqbollarini muhokama qildi.
Shuningdek, transport va logistika sohasidagi hamkorlikka alohida e’tibor qaratilib, Konstansa portining tranzit va logistika salohiyatidan samarali foydalanish, O‘zbekiston va Ruminiya hududlarida logistika markazlari (xablar) hamda qo‘shma korxonalar tashkil etish bo‘yicha tashabbuslarni amalga oshirish muhimligi ta’kidlandi.
