Afg‘onistonga gumanitar yordam topshirish marosimi to‘g‘risida
2026-05-25 16:15:00 / Yangiliklar va voqealar

2026-yil 25-may kuni Balx viloyatining Hayraton shahrida Qurbon hayiti munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasi nomidan Afgʻoniston xalqiga navbatdagi insonparvarlik yordamini topshirish marosimi boʻlib oʻtdi.
Ushbu yuk “Termez Cargo Centre” maydonida shakllantirildi. Gumanitar yordam tarkibidan asosan oziq-ovqat mahsulotlari hamda birinchi yordam koʻrsatish uchun zarur boʻlgan boshqa vositalar oʻrin olgan.
Balx viloyati gubernatori oʻrinbosari Abu Idris Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga Afgʻoniston xalqini muntazam qoʻllab-quvvatlab kelayotgani va gʻamxoʻrligi uchun alohida minnatdorlik bildirdi.
Bu Oʻzbekiston Prezidentining Afgʻoniston xalqiga boʻlgan chinakam birodarlik munosabatining yana bir yorqin ifodasidir.
Ushbu yordam yaqinda Afgʻonistonning shimoliy hududlarida yuz bergan kuchli suv toshqinlaridan zarar koʻrgan Balx, Badaxshon, Bagʻlon va boshqa hududlar aholisiga yetkazilishi alohida taʼkidlandi.
Taʼkidlash joizki, mazkur tashabbus 2026-yil davomida Afgʻoniston xalqiga yuborilgan ikkinchi gumanitar yordam hisoblanadi.
Afgʻoninston tomoni, shuningdek, Oʻzbekistonning oʻzaro munosabatlarni mustahkamlash va savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan aniq qadamlarga alohida eʼtibor qaratdi. Buning natijasida soʻnggi yillarda nafaqat afgʻon mahsulotlari eksporti hajmini sezilarli darajada oshirish, balki Afgʻoniston xalqining ijtimoiy-iqtisodiy holati va farovonligini yaxshilashga ham erishildi.




