O‘zbekiston va Singapur tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasidagi siyosiy maslahatlashuvlar to‘g‘risida
2026-04-29 16:30:00 / Yangiliklar va voqealar

2026-yil 29-aprel kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi va Singapur Respublikasi tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasidagi siyosiy maslahatlashuvlarning to‘rtinchi davrasi bo‘lib o‘tdi.
Tomonlar delegatsiyalariga tashqi ishlar vazir o‘rinbosarlari Bobur Usmanov va Kevin Chok rahbarlik qildi.
Uchrashuv davomida siyosiy-diplomatik hamkorlikning bugungi holati va uni rivojlantirish istiqbollari atroflicha ko‘rib chiqildi. Savdo-investitsiya sohasidagi hamkorlikni faollashtirish, ta’lim hamda madaniy-gumanitar aloqalarni kengaytirish, shuningdek, xalqaro tashkilotlar doirasidagi muloqotni chuqurlashtirishga alohida e’tibor qaratildi.
Turli darajadagi muloqotlar faollashgani, o‘zaro savdo diversifikatsiya qilinayotgani, oziq-ovqat va kimyo sanoati, qishloq xo‘jaligida qo‘shma investitsiya loyihalari muvaffaqiyatli amalga oshirilayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.
Ta’lim va kadrlar tayyorlash sohasidagi almashinuvlarni faollashtirish, shuningdek, sayyohlar oqimini kengaytirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
Kevin Chok O‘zbekistonda milliy iqtisodiyotning o‘sishi va davlatning xalqaro nufuzini mustahkamlashga xizmat qilayotgan islohotlar ko‘lamini Singapur siyosiy va ishbilarmon doiralari katta qiziqish bilan kuzatib borayotganini ta’kidladi.
Uchrashuv ishtirokchilari hamkorlikning foydalanilmagan salohiyatini ishga solish masalalarini muhokama qildi hamda o‘zaro hamkorlikning yangi istiqbolli yo‘nalishlarini, jumladan bo‘lajak oliy va yuqori darajadagi tashriflar rejasini belgilab oldi.
Muzokaralar yakunida mintaqaviy va xalqaro kun tartibidagi eng dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashildi.


