Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi bayonoti
2026-04-08 13:10:00 / TIV bayonotlari
Oʻzbekiston Pokiston rahbariyati vositachiligida Yaqin Sharqda oʻt ochishni toʻliq toʻxtatish va sulh oʻrnatilishi eʼlon qilinganini olqishlaydi.
Mazkur saʼy-harakatlarni keskinlikni yumshatish, siyosiy-diplomatik muloqot va oʻzaro maqbul yechimlarni topish uchun sharoit yaratish yoʻlidagi muhim qadam, deb hisoblaymiz.
Barcha tomonlarni vazmin boʻlishga, vaziyatni yana keskinlashuviga olib kelishi mumkin boʻlgan harakatlardan tiyilishga, shuningdek tinchlik va barqarorlikka erishish maqsadida konstruktiv hamkorlikni davom ettirishga chaqiramiz.
Oʻzbekiston mojarolarni faqat tinch yoʻl bilan, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Nizomi tamoyillariga muvofiq qatʼiy ravishda hal etish zarurligi toʻgʻrisidagi oʻzgarmas pozitsiyasini tasdiqlaydi.
