Ozarbayjon tashqi ishlar vaziri bilan telefon orqali muloqot toʻgʻrisida
2026-03-05 15:30:00 / Yangiliklar va voqealar

2026-yil 5-mart kuni Oʻzbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov Ozarbayjon Respublikasi tashqi ishlar vaziri Jeyhun Bayramov bilan telefon orqali muloqot oʻtkazdi.
Suhbat davomida ozarbayjonlik hamkasb Naxchivan Avtonom Respublikasiga nisbatan uchuvchisiz uchish apparatlari orqali amalga oshirilgan hujum bilan bogʻliq holat yuzasidan batafsil maʼlumot berdi. Mazkur hujum natijasida tinch aholi jabr koʻrgani va fuqarolik infratuzilmasiga zarar yetkazilgani qayd etildi.
Oʻz navbatida, Oʻzbekiston tomoni mazkur uchuvchisiz uchish apparatlari orqali amalga oshirilgan hujumlar yuzasidan jiddiy xavotir bildirdi. Xalqaro huquq prinsiplariga zid boʻlgan, boshqa davlatning suvereniteti va hududiy yaxlitligini buzadigan bunday harakatlar mutlaqo qabul qilib boʻlmasligi taʼkidlandi.
