YUNESKO Bosh konferensiyasi oʻz ishini yakunladi
2025-11-14 09:00:00 / Yangiliklar va voqealar

13-noyabr kuni Samarqandda YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi yalpi yig‘ilishi boʻlib oʻtdi. Bu sessiya so‘nggi 40 yil ichida ilk bor Tashkilot qarorgohidan tashqarida oʻtkazilgan eng yirik xalqaro forumning muvaffaqiyatli yakunlanishini belgiladi.
Yig‘ilish yakunlariga koʻra, Bosh konferensiya tomonidan “Oʻzbekiston xalqi va hukumatiga minnatdorlik ifodasi” nomli rasmiy hujjat qabul qilindi.
Hujjatda Oʻzbekiston Prezidentining beqiyos qo‘llab-quvvatlovi, Bosh konferensiyani tashkil etish va o‘tkazishdagi yuksak eʼtibori va shaxsan ishtiroki, shuningdek, Oʻzbekiston xalqi tomonidan koʻrsatilgan mehmondo‘stlik va yuqori darajadagi sessiyani o‘tkazish tashabbusi uchun chuqur minnatdorlik izhor etilgan.
Qarorda O‘zbekistonning qadimiy sivilizatsiya va boy madaniy merosga ega mamlakat sifatidagi madaniy boyliklari barcha ishtirokchilar uchun ilhom manbai bo‘lgani, xalqaro hamjihatlik, o‘zaro tushunish va ishonch muhitini mustahkamlashga munosib hissa qo‘shgani ta’kidlangan.
YUNESKO tarixida ilk bor qabul qilingan ushbu qaror Tashkilot g‘oyalarini ilgari surish, madaniyatlararo muloqotni rivojlantirish hamda jahonda birlik, bag‘rikenglik va tinchlikni mustahkamlashda O‘zbekistonning muhim hissasini xalqaro miqyosda e’tirof etishini anglatadi.
43-sessiya raisi Xondker Talha yig‘ilishda so‘zga chiqib, Samarqandda sessiyani o‘tkazish tashabbusi va uni yuqori darajada tashkil etgani uchun O‘zbekiston rahbariyatiga minnatdorlik bildirdi.
YUNESKO Ijroiya kengashi raisi Vera Lakey, Bosh direktorning birinchi o‘rinbosari Sin Syuy va boshqa delegatlar O‘zbekiston rahbariyatiga mehmondo‘stlik uchun minnatdorlik bildirib, Samarqandda bo‘lib o‘tgan sessiya ishtirokchilari uchun “nafaqat diplomatik, balki ma’naviy tajriba” bo‘lganini ta’kidladilar.
Ta’kidlanishicha, Samarqand sessiyasi YUNESKO tarixida yangi sahifa ochdi va barcha a’zo davlatlar xotirasidan ilhomlantiruvchi hamda muvaffaqiyatli yig‘ilish sifatida o‘rin oldi. “Samarqand ruhi” ochiqlik, ishonch va o‘zaro tushunish timsoli sifatida Tashkilotning keyingi yig‘ilish va tashabbuslarida ham o‘z aksini topishiga ishonch bildirildi.
***
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI XALQI VA HUKUMATIGA MINNATDORLIK IFODASI
Samarqand shahrida, O‘zbekiston Respublikasi Hukumati taklifiga binoan, 2025 yil 30 oktyabrdan 13 noyabrgacha bo‘lib o‘tgan YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi,
O‘zbekiston xalqi va Hukumatiga yuksak minnatdorlik izhor etgan holda, ko‘rsatilgan samimiy mehmondo‘stlik, iliq qabul va Konferensiya ishining muvaffaqiyatli o‘tishi uchun yaratilgan eng qulay sharoitlar uchun chuqur minnatdorlik bildirib,
1. 43-sessiyaning go‘zal Samarqand shahrida o‘tkazilganidan alohida mamnuniyat izhor etadi;
2. Barcha aʼzo davlatlar, uyushgan aʼzolar va kuzatuvchilarning to‘liq ishtirokini taʼminlashga qaratilgan O‘zbekiston Hukumatining saʼy-harakatlarini yuksak baholaydi;
3. O‘zbekiston xalqi va Hukumatiga, ayniqsa, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Shavkat Mirziyoyev Janob Oliylariga Bosh konferensiya o‘tkazilishiga ko‘rsatgan eʼtibori, beqiyos qo‘llab-quvvatlovi va shaxsan ishtiroki uchun samimiy va chuqur minnatdorlik bildiradi;
4. Barcha O‘zbekiston tashkilotlari va xodimlariga sessiya ishini uyg‘un va samarali o‘tkazishga imkon bergan yuksak kasbiy mahorati va fidoyiligi uchun minnatdorlik izhor etadi;
Qadimiy sivilizatsiya va boy madaniy meros yurti bo‘lgan O‘zbekiston o‘zining madaniy boyliklari orqali delegatsiyalar o‘rtasida o‘zaro tushunish va hamjihatlik ruhini mustahkamlashga katta hissa qo‘shganini taʼkidlar ekan,
5. O‘zbekiston Respublikasi xalqi va Hukumatiga do‘stlik, o‘zaro ishonch va YUNESKO bilan kelgusidagi xalqaro hamkorlikning mustahkamlanishiga ishonch ruhidagi murojaatni yo‘llaydi.




