O‘zbekistonning tashabbuslari IUCN Butunjahon kongressining yakuniy natijalariga kiritildi
2025-10-20 10:00:00 / Yangiliklar

Dunyo bo‘ylab hukumatlar, ilmiy doiralar, yoshlar, fuqarolik jamiyati va biznes vakillaridan iborat 10 mingdan ortiq ishtirokchini jamlagan ushbu kongress tabiatni asrash va barqaror rivojlanish masalalarini muhokama qilish bo‘yicha eng yirik global maydonga aylandi. Ishtirokchilar “tabiatga ijobiy ta’sir ko‘rsatadigan” kelajak – inson va tabiat uyg‘unlikda rivojlanadigan dunyoni shakllantirish yo‘lida birgalikdagi harakatlarni belgilab oldilar.
IUCN a’zolari Assambleyasi davomida “Abu-Dabi harakatga chaqiruv deklaratsiyasi” (“Abu Dhabi Call to Action”) qabul qilindi. Hujjat mamlakatlarning sayyorani himoya qilish va bioxilma-xillikni saqlash borasidagi sa’y-harakatlarni jadallashtirishga sodiqligini tasdiqlaydi. Shuningdek, delegatlar Razan Xalifa Al Muborakni IUCN prezidenti lavozimiga qayta sayladilar va Ittifoqning yangi rahbar organlarini shakllantirdilar.
Kongress doirasida inklyuzivlik, innovatsiyalar va ilmiy taraqqiyot masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Tashkilot tarixida ilk bor Butunjahon mahalliy xalqlar va tabiat sammiti o‘tkazildi. Ittifoqqa 100 dan ortiq yangi a’zolar, jumladan, 6 ta davlat qabul qilindi. Muhim ilmiy yangiliklar taqdim etildi — xususan, yo‘qolib ketish xavfi ostidagi turlar bo‘yicha yangilangan IUCN Qizil ro‘yxati (IUCN Red List of Threatened Species™), changlatuvchi organizmlar haqidagi ma’lumotlar va "World Heritage Outlook" hisobotlari. Tadbir ISO 20121:2024 xalqaro standartiga muvofiq barqaror yondashuv asosida tashkil etilgani uchun sertifikatga sazovor bo‘ldi.
Assambleya yakunlariga ko‘ra 150 dan ortiq qaror (motions) qabul qilindi, ulardan yettitasining ishlab chiqilishida O‘zbekiston faol ishtirok etdi. Ular ekologik jinoyatlarga qarshi kurash, yovvoyi hayvonlar savdosini cheklash, “Yagona salomatlik” (One Health) konsepsiyasini ilgari surish va qo‘riqlanadigan hududlarning “Yashil ro‘yxati” tizimini takomillashtirish kabi yo‘nalishlarni qamrab oladi.
O‘zbekiston ishtirokida quyidagi hujjatlar ishlab chiqildi:
– "Advancing the IUCN Green List of protected and conserved areas" – qo‘riqlanadigan hududlarning “Yashil ro‘yxati” tizimini takomillashtirish;
– "Crimes that Affect the Environment" (CAE) – ekologik jinoyatlarga qarshi kurashish;
– "Addressing wildlife trafficking and the management of seized or confiscated live wild animals" – yovvoyi hayvonlar savdosiga qarshi kurash va musodara qilingan jonivorlarni boshqarish;
– "Advancing the One Health approach for biodiversity, health and global cooperation" – “Yagona salomatlik” yondashuvini rivojlantirish;
– "Implementation of the One Health approach, from global to local" – “Yagona salomatlik” yondashuvini globaldan mahalliy darajagacha joriy etish;
– "Development of IUCN guidelines to effectively control the commercial pet trade in terrestrial wildlife" – yovvoyi hayvonlarning tijoriy uy hayvoni sifatidagi savdosini nazorat qilish bo‘yicha ko‘rsatmalar ishlab chiqish;
– "IUCN Red List solvency and private-sector initiatives" – Qizil ro‘yxatning moliyaviy barqarorligini mustahkamlash va xususiy sektorni tabiatni muhofaza qilish tashabbuslariga jalb etish.
O‘zbekiston uchun alohida yutuq sifatida milliy inspektorlarning xizmatlari e’tirof etildi. Kongress doirasida Ekologiya vazirligi inspektori Lazizbek Hasanov mamlakatning tabiiy hududlarini himoya qilish va bioxilma-xillikni saqlashga qo‘shgan ulkan hissasi uchun "International Ranger Award" (Xalqaro reynjer mukofoti) bilan taqdirlandi.
O‘zbekistonning dunyodagi eng yirik tabiatni muhofaza qilish forumida ishtiroki xalqaro hamkorlikni mustahkamlash, ilg‘or tajriba almashish va milliy tashabbuslarni global darajada ilgari surish yo‘lida muhim qadam bo‘ldi.









