O‘zbekistonlik eko-inspektor “International Ranger Award” mukofoti bilan taqdirlandi
2025-10-13 16:00:00 / Yangiliklar

Inspektor “Yosh reynjer sifatida noqonuniy daraxt kesish va brakonyerlikka qarshi kurashdagi fidokorona xizmati uchun” nominatsiyasida g‘olib bo‘ldi.
Tadbir Xalqaro tabiatni muhofaza qilish ittifoqining (IUCN) 2025-yilgi Jahon kongressi doirasida IUCNning Xalqaro muhofaza etiladigan hududlar bo‘yicha Jahon komissiyasi (WCPA) tomonidan “Conservation Allies”, “Universal Ranger Support Alliance” va IUCN hamkorligida tashkil etildi. Unda 56 mamlakatdan 319 nafar reynjer ishtirok etib, yakunda 6 nafar reynjer va 7 reynjer jamoasi g‘olib deb topildi.
“IUCN 2025-yilgi Xalqaro Reynjerlar mukofoti butun dunyo bo‘ylab reynjerlarning jasorati va tabiatni muhofaza qilishga bo‘lgan sadoqatini yorqin namoyon etmoqda. Ular sayyoramizdagi eng noyob ekotizimlarning haqiqiy posbonlaridir. Xavf-xatarlarga qaramay, reynjerlar yo‘qolib borayotgan turlarni asraydilar va tabiatni muhofaza qilish orqali insoniyatga ilhom bag‘ishlaydilar,” — dedi IUCN bosh direktori doktor Gretel Agilar.
Ta'kidlash joizki, Lazizbek Hasanovning taqdirlanishi O‘zbekistonda atrof-muhitni muhofaza qilish borasida amalga oshirilayotgan islohotlarga berilgan yana bir ijobiy bahodir. Xalqaro Reynjerlar mukofoti dunyo bo‘ylab reynjerlarning jasorati, bardoshi va qat’iyatini qadrlash, ularning yutuqlarini keng jamoatchilikka yetkazish va bu sohaning ahamiyatini oshirishga qaratilgan.
2025-yilgi g‘oliblar faoliyati “Global bioxilma-xillik doirasi”ning asosiy maqsadlariga — 2030-yilgacha yer, suv va dengiz hududlarining 30 foizini muhofaza qilish vazifasiga to‘liq mos keladi. Ular mahalliy jamoalar bilan hamkorlikda ta’lim, targ‘ibot va ekologik rivojlanish orqali inson va tabiat o‘rtasidagi uyg‘unlikni mustahkamlashga munosib hissa qo‘shmoqdalar.


