O‘zbekiston va GEF VIII Assambleya arafasida hamkorlikni mustahkamlamoqda
2026-04-02 17:15:00 / Yangiliklar

Muloqot davomida tomonlar Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadigan VIII GEF Assambleyasiga tayyorgarlikning tashkiliy jihatlarini atroflicha ko‘rib chiqdilar.
Shuningdek, Assambleyaning ishbilarmonlik va madaniy dasturining bir qator muhim yo‘nalishlari, jumladan, “Boqiy shahar” majmuasida madaniy tadbirlar tashkil etish hamda yoshlar san’at ko‘rgazmasini o‘tkazish masalalari bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Uchrashuv davomida mutaxassislarni professional almashinuv va salohiyatni oshirish maqsadida GEFga yuborishni nazarda tutuvchi dasturni amalga oshirish bo‘yicha bitim imzolashga ham e’tibor qaratildi. Shuningdek, “Markaziy Osiyo tog‘ ekotizimlari” mintaqaviy loyihasini amalga oshirish uchun 5,4 million AQSh dollari miqdorida mablag‘ ajratilishi tasdiqlangani ma’lum qilindi. Ushbu loyiha Jahon banki ishtirokida amalga oshiriladi. GEF O‘zbekistonga jamg‘armaning donor davlatiga aylanish imkoniyatini ham ko‘rib chiqishni taklif etdi. Bu maqom respublikaga tashkilot moliyaviy resurslarini taqsimlash bo‘yicha qarorlar qabul qilish jarayonida ishtirok etish imkonini beradi.
Bundan tashqari, umumiy budjeti 26 million AQSh dollarini tashkil etuvchi “Markaziy Osiyo suv va yer resurslari o‘zaro bog‘liqligi (CAWLN)” mintaqaviy dasturini ishga tushirishga bag‘ishlangan yuqori darajadagi davra suhbati o‘tkazish bo‘yicha kelishuvga erishildi. GEF, shuningdek, Markaziy Osiyoda yirik mushuksimon hayvonlar populyatsiyasini saqlashga qaratilgan mintaqaviy loyihani ishlab chiqish bo‘yicha O‘zbekiston tashabbusini qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.
Uchrashuv yakunida O‘zbekiston va GEF o‘rtasida hamkorlik yuqori suratda davom etishi, shuningdek, barqaror rivojlanishni ilgari surish va mintaqadagi dolzarb ekologik muammolarni hal etishga e’tibor yanada kuchaytirilishi ta’kidlandi.
Tadbirda ishtirok etish uchun ro‘yxatdan o‘tish havolasi:
https://assembly.thegef.org/event/2026/register
Ro‘yxatdan o‘tish 30-aprelgacha ochiq.




