O‘zbekistonning xalqaro tashkilotlar bilan aloqalari
O‘zbekistonning BMT va uning ixtisoslashgan muassasalari bilan hamkorligi
O‘zbekiston yangi suveren, mustaqil davlat sifatida Birlashgan Millatlar Tashkilotiga (BMT) 1992-yil 2-martda a’zo bo‘ldi. Mamlakatimiz ushbu tarixiy voqeadan keyin o‘tgan vaqt mobaynida BMT va uning ixtisoslashgan muassasalari bilan turli sohalarda samarali hamkorlik qilib kelmoqda.
Xavfsizlikka zamonaviy tahdid va tahlikalarga qarshi kurashish, Afg‘onistonda barqarorlikka erishish va mamlakat iqtisodiyotini qayta tiklash, ommaviy qirg‘in qurollarini tarqatmaslik, ekologik muammolarni hal qilish, xususan, Orol dengizi inqirozi oqibatlarini yumshatish, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish, inson huquqlarini himoya qilish va ilgari surish, turizmni rivojlantirish kabilar ko‘p qirrali hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari hisoblanadi.
1993-yildan buyon Toshkentda BMT vakolatxonasi faoliyat ko‘rsatmoqda. Unga Rezident-koordinator rahbarlik qiladi.
BMT Taraqqiyot dasturi (BMTTD), Aholishunoslik jamg‘armasi (BMTAJ), Bolalar jamg‘armasi (YUNISЕF), Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST), Ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha tashkiloti (YUNЕSKO), Giyohvand moddalar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi (BMTGMJB), Gender tengligi, ayollar huquq va imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha tuzilma (BMT-Ayollar), Markaziy Osiyoda preventiv diplomatiya bo‘yicha mintaqaviy markazi (BMT MOPDMM), Xalqaro mehnat tashkiloti (XMT), Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO), Migratsiya bo‘yicha xalqaro tashkilot (MXT), shuningdek, BMT Taraqqiyot dasturi shafeligidagi Ko‘ngillilar dasturi O‘zbekistonda “BMT oilasi”ni tashkil qiladi.
Birlashgan Millatlar Tashkilotining Sanoatni rivojlantirish tashkiloti (YUNIDO), Atrof-muhit bo‘yicha dasturi (YUNEP) va Yevropa iqtisodiy komissiyasi (BMT YIK) ham BMT tizimi faoliyatiga munosib hissa qo‘shib kelmoqda. Shuningdek, Jahon banki BMTning mustaqil ixtisoslashgan organi sifatida tuzilmaning mamlakatimizdagi faoliyatida muhim o‘rin tutadi.
Taraqqiyotga ko‘maklashish umumiy dasturi (YUNDAF) o‘rta muddatli istiqbolda mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini amalga oshirish nuqtai nazaridan O‘zbekiston hukumati va BMT o‘rtasidagi hamkorlikning samarali vositasi sifatida xizmat qilmoqda.
Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasida belgilangan vazifalarni amalga oshirish doirasida so‘nggi yillarda O‘zbekistonning BMT bilan oliy va yuqori darajadagi siyosiy muloqoti sezilarli faollashdi.
O‘zbekiston BMT Bosh Assambleyasi va ixtisoslashgan tuzilmalarining faol ishtirokchisiga aylandi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev BMT Bosh Assambleyasining 72, 75 va 76-sessiyalarda, BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashi 46-sessiyasi yuqori darajadagi segmentida ishtirok etdi va nutq so‘zladi.
BMT Bosh kotibi Antonio Guterrish 2017-yil iyun oyida mamlakatimizga tashrif buyurdi va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashdi. Shuningdek, 2017-yil sentabr oyida AQShning Nyu-York shahrida o‘tgan BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasi hamda Pekinda 2019-yil aprel oyida o‘tgan “Bir makon, bir yo‘l” ikkinchi xalqaro forumi doirasida Prezidentimizning BMT Bosh kotibi bilan uchrashuvlari bo‘lib o‘tdi. Ushbu muloqotlar natijasida O‘zbekiston – BMT hamkorligini rivojlantirish bo‘yicha Amaliy chora-tadbirlar rejalari qabul qilindi va ular hayotga tadbiq etilmoqda.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil sentabr oyida BMT Bosh Assambleyasi 72-sessiyasi umumiy munozaralaridagi ishtiroki mamlakatimizning ushbu xalqaro tashkilot bilan samarali va o‘zaro manfaatli muloqotida yangi davrni boshlab berdi.
So‘nggi yillarda davlatimiz Rahbari BMT minbaridan global va mintaqaviy kun tartibining dolzarb masalalari bo‘yicha qator muhim xalqaro tashabbuslarni ilgari surdi.
Xususan, O‘zbekiston tashabbusi bilan BMT Bosh Assambleyasi doirasida oltita rezolyutsiya ishlab chiqildi va qabul qilindi.
- “Markaziy Osiyo mintaqasida tinchlik, barqarorlik va izchil taraqqiyotni ta’minlash bo‘yicha mintaqaviy va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash” (2018-yil iyun);
- “Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik” (2018-yil dekabr);
- “Markaziy Osiyoda barqaror turizm va barqaror rivojlanish” (2019-yil dekabr);
- “Orolbo‘yi mintaqasini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi deb e’lon qilish” (2021-yil may);
- “Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlash to‘g‘risida” (2022-yil iyul);
- “Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishni jadallashtirishda parlamentlarning rolini kuchaytirish to‘g‘risida” (2022-yil dekabr).
BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashi doirasida O‘zbekiston tashabbusi bilan “COVID-19 pandemiyasining yoshlar huquqlariga ta’siri to‘g‘risida”gi rezolyutsiya (2021-yil oktabr), YUNЕSKOda esa 2021-yil 14-16-sentabr kunlari Xiva shahrida bo‘lib o‘tgan “Markaziy Osiyo – jahon sivilizatsiyalari chorrahasida” xalqaro madaniyat forumi yakuniga bag‘ishlangan “Xiva jarayoni” rezolyutsiyasi (2021-yil noyabr) qabul qilindi.
O‘zbekiston tomonidan ishlab chiqilgan “Pandemiya davrida davlatlarning ixtiyoriy majburiyatlari to‘g‘risidagi kodeks” BMT Bosh assambleyasi rasmiy hujjati sifatida tarqatilib, mamlakatimizning COVID-19 bilan kurash bo‘yicha umumbashariy sa’y-harakatlarga qo‘shgan hissasi sifatida yuqori baholandi.
Ko‘p tomonlama hamkorlikning yangi ruhini qo‘llab-quvvatlagan holda, O‘zbekiston BMTga a’zo davlatlar bilan birgalikda Bosh Assambleyaning qator yangi rezolyutsiyalari ustida ish olib bormoqda.
O‘zbekiston qurolsizlanish va ularni tarqatmaslik sohasida barcha muhim xalqaro shartnomalar, xususan, Yadro qurolini tarqatmaslik to‘g‘risidagi shartnoma, Yadro sinovlarini har tomonlama taqiqlash to‘g‘risidagi shartnoma, Kimyoviy va biologik qurollar to‘g‘risidagi konvensiya va boshqa xalqaro bitimlarga qo‘shilgan.
1993-yil O‘zbekiston tomonidan BMT Bosh Assambleyasi minbaridan turib ilgari surilgan Markaziy Osiyoda yadro qurolidan xoli zonani barpo etish bo‘yicha tashabbus mamlakatimizning yadro qurolini tarqatmaslik tartibi va mintaqaviy xavfsizlikni mustahkamlashga qo‘shgan salmoqli hissa bo‘ldi. Ushbu tashabbus bo‘yicha shartnoma 2006-yil sentabr oyida Semipalatinsk shahrida imzolandi. 2009-yil mart oyida esa shartnoma Markaziy Osiyo mintaqasining besh davlati tomonidan ratifikatsiya qilingach, kuchga kirdi.
BMTning Nyu-Yorkdagi shtab-kvartirasida 2014-yil 6-may kuni tarixiy voqea sodir bo‘ldi – BMT tashkil etilganidan buyon ilk bor yadro quroliga ega besh davlat – AQSH, Buyuk Britaniya, Fransiya, Xitoy va Rossiya vakillari bir vaqtning o‘zida va bir ovozdan muhim xalqaro hujjat – Markaziy Osiyoda yadro qurolidan xoli zona barpo etish to‘g‘risidagi shartnomaga Xavfsizlik kafolatlari to‘g‘risidagi protokolni imzoladi. Shu tariqa Markaziy Osiyo mintaqasi sayyoramizning shimoliy yarim sharidagi yadro qurolidan xoli yagona zonaga aylandi.
BMTning terrorizmga qarshi kurash bo‘yicha barcha 13 konvensiyasi ishtirokchisi bo‘lgan O‘zbekiston ushbu sohada dunyo hamjamiyatining sa’y-harakatlarini jipslashtirish yo‘lida qator yirik tashabbuslarni ilgari surdi.
O‘zbekiston BMT Xavfsizlik kengashining 2001-yildagi 1373-sonli rezolyutsiyasi bilan tashkil etilgan Terrorizmga qarshi kurashish qo‘mitasi faoliyatini olqishlaydi. Respublika, shuningdek, a’zo davlatlarning ushbu illatga qarshi kurashishdagi salohiyatini kuchaytirishga qaratilgan sa’y-harakatlarni to‘la qo‘llab-quvvatlaydi. Qo‘mitaning tashkil etilishi, o‘z navbatida, O‘zbekiston tashabbusi hamdir. Boisi, mamlakatimiz tomonidan BMTning Istanbulda 1999-yil bo‘lib o‘tgan Xavfsizlik va hmkorlik sammitida Terrorizmga qarshi kurash xalqaro markazini tashkil etish bo‘yicha taklif ilgari surilgandi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining BMT Bosh Assambleyasi 75-sessiyasi chog‘ida ilgari surgan tashabbusi ijrosi doirasida 2022-yil mart oyida Toshkentda yuqori darajadagi “BMT Global aksilterror strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha Qo‘shma harakatlar rejasi doirasida Markaziy Osiyo mamlakatlarining mintaqaviy hamkorligi” mavzusida xalqaro konferensiyasi o‘tkazildi. Tadbir yakunida mintaqaviy Qo‘shma harakatlar rejasi qabul qilindi.
O‘zbekiston giyohvandlikka qarshi kurashda BMT va uning ixtisoslashgan muassasalari bilan yaqin hamkorlik qilmoqda. Bu sohada BMTning Narkotiklar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi bilan tegishli vazirlik-idoralar salohiyatini rivojlantirishga qaratilgan amaliy loyihalar amalga oshirilmoqda.
O‘zbekiston tomoni taklifiga binoan Narkotik vositalar, psixotrop moddalar va ularning prekursorlari noqonuniy aylanishiga qarshi kurash bo‘yicha Markaziy Osiyo mintaqaviy axborot-muvofiqlashtirish markazi tashkil etildi.
O‘zbekiston Afg‘onistonning tiklanishiga salmoqli hissa qo‘shmoqda. Davlatimiz Rahbari tashabbusi bilan Termiz shahrida Afg‘onistonga markazlashgan va manzilli gumanitar yordam ko‘rsatish bo‘yicha Xalqaro ko‘p funksiyali transport-logistika xabi tashkil etildi. Termiz shahrining bu boradagi imkoniyatlaridan BMT Qochoqlar ishlari bo‘yicha oliy komissari boshqarmasi, Jahon oziq-ovqat dasturi, YUNISЕF va BMTning boshqa tuzilmalari keng foydalanmoqda.
Toshkentda 2018-yil mart oyida o‘tkazilgan Afg‘oniston bo‘yicha yuqori darajali konferensiyaning natijasi o‘laroq, o‘sha yil aprel oyida xalqaro tadbirning yakuniy deklaratsiyasi BMT Bosh Assambleyasi 72-sessiyasi va Xavfsizlik kengashi rasmiy hujjati sifatida tarqatildi.
Bundan tashqari, O‘zbekiston rahbariyatining Afg‘onistondagi vaziyatni tinch yo‘l bilan hal etishga qaratilgan sa’y-harakatlari va Afg‘oniston bo‘yicha Toshkent konferensiyasi haqidagi ma’lumotlar BMT Bosh kotibining 2018-yil sentabr oyida e’lon qilingan “Afg‘onistondagi vaziyat hamda uning xalqaro tinchlik va xavfsizlikka ta’siri” ma’ruzasiga kiritildi.
2022-yil iyul oyida Toshkentda Afg‘oniston bo‘yicha konferensiya o‘tkazilishi O‘zbekistonning ushbu mamlakatda barqaror tinchlik va barqarorlikni ta’minlashga qo‘shgan salmoqli hissasi bo‘ldi.
Hozirgi vaqtda BMT doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha xalqaro muzokara guruhini tuzish tashabbusini ilgari surish yuzasidan tizimli ishlar olib borilmoqda.
BMT Bosh Assambleyasi tomonidan 2018-yil 22-iyun kuni “Markaziy Osiyo mintaqasida tinchlik, barqarorlik va izchil taraqqiyotni ta’minlash bo‘yicha mintaqaviy va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash” tarixiy rezolyutsiyasining qabul qilindi.
Bu O‘zbekistonning Markaziy Osiyoda mintaqaviy hamkorlikni yuqori darajada rivojlantirish bo‘yicha tashabbuslarining xalqaro miqyosda keng qo‘llab-quvvatlanayotganini yana bir bor namoyon etdi.
BMT Bosh Assambleyasining 2019-yil 19-dekabrdagi yalpi majlisida “Markaziy Osiyoda barqaror turizm va barqaror rivojlanish” maxsus rezolyutsiyasi qabul qilindi. Ushbu tashabbus Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan Pekinda 2019-yil aprel oyida BMT Bosh kotibi Antonio Guterrish bilan uchrashuv chog‘ida ilgari surilgan edi. O‘zbekiston tomonidan ishlab chiqilgan va Markaziy Osiyo mamlakatlari nomidan taqdim etilgan hujjat loyihasi BMTga a’zo davlatlar tomonidan bir ovozdan qo‘llab-quvvatlandi. Ushbu hujjatga Shimoliy va Lotin Amerikasi, Osiyo, Afrika va boshqa qit’alardan 50 dan ziyod mamlakat hammualliflik qildi. Bu xalqaro hamjamiyat tomonidan O‘zbekiston Rahbari tashabbusining dolzarbligi va o‘z vaqtida qabul qilinganidan dalolat beradi.
Bugungi kunda O‘zbekiston va BMT o‘rtasida ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi aloqalar jadallashib borayotir. Ushbu sohada O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev yana bir o‘tkir va dolzarb global muammo – Orol dengizi fojiasiga e’tiborni qaratdi va dunyo hamjamiyatini “ushbu ekologik ofatning Markaziy Osiyoda yashayotgan millionlab odamlar turmush tarziga halokatli ta’sirini kamaytirishga va tabiiy, biologik muvozanatni saqlash”ga chorladi.
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev BMT Bosh Assambleyasi 72-sessiyasining umumiy munozaralarida ilgari surgan tashabbusga binoan, 2018-yilda BMT shafeligida Inson xavfsizligi bo‘yicha ko‘p tomonlama sheriklik trast jamg‘armasi o‘z faoliyatini boshladi. Jamg‘arma taqdimoti 2018-yil noyabr oyida BMT bosh qarorgohida Bosh kotib A.Guterrish ishtirokida o‘tkazildi. Taqdimot chog‘ida BMT Bosh kotibi ta’kidlaganidek, “Ushbu tuzilma mahalliy aholining yashash sharoitini sezilarli darajada yaxshilaydi va Barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirishga yordam beradi. Maqsadli fond tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgan dasturlar mintaqada yangi ish o‘rinlarini yaratishga yordam bermoqda. Xususan, ushbu ish o‘rinlarida 45 foiz xotin-qizlar band. Ish bilan ta’minlash ularning imkoniyatlarini kengaytirib, tibbiy xizmatlardan foydalanish sharoitini yaxshiladi va farovonligini oshirdi”.
Mamlakatimizning tashabbusi bilan Nukusda 2019-yil 24-25-oktabr kunlari BMT shafeligida yuqori darajadagi “Orolbo‘yi — ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi” xalqaro konferensiyasi bo‘lib o‘tdi. Unda 28 mamlakatdan 250 ga yaqin ishtirokchi, nufuzli xalqaro tashkilotlar rahbarlari va vakillari qatnashdi.
O‘zbekiston BMT bilan hamkorlikda diniy bag‘rikenglikni saqlash va mustahkamlashga, yoshlar hayotiga oid dolzarb muammolarni hal qilishga alohida e’tibor qaratmoqda. Shu ma’noda davlatimiz Rahbari BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida “Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik” rezolyutsiyasini ishlab chiqish hamda qabul qilish tashabbusini ilgari surdi. Prezidentimiz BMT minbaridan turib, O‘zbekiston taklif etgan rezolyutsiyaning asosiy maqsadi “barchaning ta’lim olish huquqini ta’minlashga, savodsizlik va jaholatga barham berishga ko‘maklashishdan iborat” ekanini ta’kidladi. Hujjat “bag‘rikenglik va o‘zaro hurmatni qaror toptirish, diniy erkinlikni ta’minlash, e’tiqod qiluvchilarning huquqini himoya qilish, ularning kamsitilishiga yo‘l qo‘ymaslikka ko‘maklashishga qaratilgan”ini qayd etdi.
BMT Bosh assambleyasining 2018-yil 12-dekabrdagi yalpi majlisida “Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik” maxsus rezolyutsiyasi qabul qilindi. O‘zbekiston tomonidan qisqa muddatlarda ishlab chiqilgan ushbu hujjat BMTga a’zo davlatlar tomonidan bir ovozdan qo‘llab-quvvatlandi. Shimoliy va Lotin Amerikasi, Osiyo, Afrika va boshqa qit’alarning 50 dan ortiq mamlakati ushbu hujjat hammuallifiga aylandi. Bu O‘zbekiston rahbari tashabbusining dolzarbligi va o‘z vaqtida amalga oshirilayotgani xalqaro hamjamiyat tomonidan yuksak e’tirof etilganidan dalolat beradi.
Jamiyat hayotining barcha jabhalarida amalga oshirilgan izchil o‘zgarishlarga muvofiq, O‘zbekiston ilk marotaba inson huquqlari sohasida yetakchi tashkilot – BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashiga 2021-2023-yillar uchun o‘z nomzodini ilgari surdi hamda ko‘pchilik davlatlarning ovozi bilan ushbu tuzilmaga a’zolikka saylandi.
Mustahkam tinchlik tarafdori va hamkorlikni har tomonlama kengaytirish tashabbuskori sifatida sifatida O‘zbekiston bundan keyin ham BMT va unga a’zo davlatlar bilan hamkorlikka katta e’tibor qaratadi.
Mamlakatimizning sa’y-harakatlari BMT rahbariyati tomonidan to‘liq qo‘llab-quvvatlanmoqda, chunki O‘zbekiston tomoni tomonidan ilgari surilgan tashabbuslar tashkilotning global maqsadlariga, jumladan, sayyoramizda tinchlik, barqarorlik va farovonlikni mustahkamlashga qaratilgan Barqaror rivojlanish maqsadlariga to‘liq mos keladi.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot dasturi (BMTTD) faoliyati turli sohalarda loyihalarni amalga oshirishga, xususan, Orol dengizining qurishi natijasida zarar ko‘rgan hududda “Orolbo‘yi – ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi” tashabbusi doirasida “yashil iqtisodiyot”ni rivojlantirishga qaratilgan.
O‘zbekistonning YUNЕSKO bilan hamkorligi so‘nggi yillarda sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarildi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2018-yili Parijda, 2019-yili Samarqandda va 2022-yili Toshkentda YUNЕSKO Bosh direktori Odri Azule bilan uchrashuvlari bo‘lib o‘tdi.
2022-yil iyul oyida O‘zbekiston ilk marotaba 2022-2026-yillarda Nomoddiy madaniy merosni muhofaza qilish bo‘yicha hukumatlararo qo‘mitaga a’zo bo‘ldi.
Mamlakatimizda xalqaro turizm jadal rivojlanmoqda. Bunda O‘zbekiston 1993-yilda a’zo bo‘lgan BMT Butunjahon sayyohlik tashkiloti (UNWTO) bilan hamkorlik muhim ahamiyatga ega. Samarqandda UNWTOning Buyuk ipak yo‘lidagi turizmni rivojlantirish bo‘yicha mintaqaviy markazi faoliyat ko‘rsatmoqda. Ushbu shaharda Ipak yo‘li xalqaro turizm universiteti tashkil etilgan bo‘lib, u eng mashhur va nufuzli oliy o‘quv yurtlaridan biri, O‘zbekistonda turizm sohasidagi ilk universitet hisoblanadi.
2023-yil 16-20-oktabr kunlari Samarqandda UNWTO Bosh assambleyasining 25-sessiyasi bo‘lib o‘tadi.
Yuqumli va yuqumsiz kasalliklarga qarshi kurashish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, milliy sog‘liqni saqlash tizimini mustahkamlashda Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) bilan jadal hamkorlik amalga oshirilmoqda.
2022-yil sentabr oyida O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi va JSST vakolatxonasi o‘rtasida 2022-2023-yillarga mo‘ljallangan ikki yillik Mamlakat bitimi imzolandi. Unga muvofiq, O‘zbekistonda JSST ekspertlari ishtirokida sog‘liqni saqlash sohasida qator tadbirlar o‘tkaziladi.
So‘nggi yillarda BMT Bolalar jamg‘armasi (YUNISЕF) O‘zbekistondagi faoliyatini jadallashtirib bormoqda. Har yili noyabr oyida “Zamin” jamg‘armasi bilan hamkorlikda jahon bolalarni himoya qilish kuniga bag‘ishlangan xalqaro anjumanlar o‘tkazilmoqda.
YUNISЕF O‘zbekistonda mamlakatimizda bolalarni ijtimoiy himoya qilish, ona va bola salomatligini muhofaza qilish va mustahkamlash, ta’lim tizimini takomillashtirish, sifatli tibbiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish va boshqa muhim yo‘nalishlarda boshlangan islohotlarni qo‘llab-quvvatlash yo‘lida qator chora-tadbirlarni amalga oshirmoqda.
Aholi va reproduktiv salomatlik sohasidagi dasturlarni amalga oshirish uchun mas’ul Aholishunoslik jamg‘armasi (YUNFPA) O‘zbekistondagi BMT agentliklari orasida muhim o‘rin egallaydi.
Hozirgi bosqichda YUNFPAning beshinchi mamlakat dasturi amalga oshirilmoqda. Uning doirasida reproduktiv salomatlik bo‘yicha treninglar, seminarlar, konferensiyalar o‘tkazilmoqda, mamlakatimizda ayollarni ijtimoiy va huquqiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash markazlari tashkil etildi, klinik protokollarni yangilash, tibbiyot muassasalarini modernizatsiya qilish, mutaxassislarni o‘qitish va malakasini oshirish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.
2022-yil noyabr oyida YUNFPA bilan birgalikda Demografik laboratoriya ishga tushirildi. Uning faoliyati respublikada davlat xizmatchilarining aholi masalalari, demografik fan va tadqiqotlarni rivojlantirish bo‘yicha salohiyatini kuchaytirishga qaratilgan.
O‘zbekiston ushbu jamg‘arma bilan aholini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishda samarali hamkorlik qilmoqda.
O‘zbekiston BMTning Gender tengligi, ayollar huquq va imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha tuzilmasi (BMT-Ayollar) bilan hamkorligi jadallashib bormoqda. Gender va yoshlar masalalariga bag‘ishlangan xalqaro forum va anjumanlar tashkil etilib, ixtisoslashgan yo‘nalishlar bo‘yicha loyihalar amalga oshirilayotir. Ushbu tuzilma O‘zbekistonda xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirish yo‘lida tadbiq etilayotgan sa’y-harakatlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlab kelmoqda.
Xalqaro mehnat tashkiloti (XMT) O‘zbekistonda so‘nggi yillarda munosib mehnat sharoitlarini yaratish, majburiy va bolalar mehnatiga barham berish, mehnatkashlarning huquq va erkinliklarini himoya qilish borasida erishilgan yutuqlarni yuksak baholamoqda. Mamlakatimiz XMTning 20 ta konvensiyasini, shu jumladan 10 asosiy konvensiyadan 9 tasini ratifikatsiya qildi. XMT tavsiyalarini inobatga olgan holda, yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksi hamda “Aholini ish bilan ta’minlash to‘g‘risida”gi Qonun ishlab chiqildi va qabul qilindi.
Migratsiya bo‘yicha xalqaro tashkiloti (MXT) so‘nggi yillarda mamlakatimizning muhim hamkorlaridan biriga aylandi. MXT bilan birgalikda mehnat migratsiyasi, chegaralarni boshqarish, odam savdosiga qarshi kurashish, mehnat migrantlarini ish bilan ta’minlash bo‘yicha mutaxassislar malakasini oshirish yuzasidan loyihalar amalga oshirilmoqda.
O‘zbekistonning YXHT bilan hamkorligi
Milliy tashqi siyosatning ustuvor yo‘nalishlariga muvofiq, O‘zbekiston xalqaro tashkilotlar, jumladan, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YXHT) doirasida ko‘p tomonlama muloqotni kengaytirish bo‘yicha faol siyosatni olib bormoqda.
So‘nggi yillarda O‘zbekistonning YXHT bilan hamkorligida shakllangan yangi muhit Tashkilotga a’zo mamlakatlar e’tiborini respublikada jamiyatning barcha sohalarida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarga tobora ko‘proq jalb qilmoqda.
YXHTga (1995-yil 1-yanvarga qadar – Yevropada xavfsizlik va hamkorlik kengashi – YEXHK) a’zo bo‘lgandan boshlab, O‘zbekiston ushbu tashkilot va uning institutlari bilan turli masalalar bo‘yicha aloqalarni amalga oshirib kelyapti.
O‘zaro hamkorlikda asosiy e’tibor, xavfsizlikka tahdid va tahlikalar, xalqaro kun tartibi va O‘zbekiston milliy manfaatlarini hisobga olgan holda, respublikaning Tashkilot doirasida qabul qilingan tamoyil va majburiyatlarni bajarishga qaratilgan.
1995-yili Toshkentda YXHTning Markaziy Osiyo bilan aloqalar bo‘yicha vakolatxonasi ochilib, u 1999-yildan buyon YXHTning O‘zbekistondagi markazi sifatida faoliyat yuritdi. 2006-yil iyun oyida O‘zbekistonda YXHT loyihalar koordinatori ofisini tashkil etish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.
YXHT loyihalar koordinatori ofisi O‘zbekiston tomoni uchun ustuvor loyihalarni amalga oshirishga, jumladan, respublika institutlarining xavfsizlik, barqaror iqtisodiy, ekologik va ijtimoiy rivojlanish sohalarida institutsional imkoniyatlarini rivojlantirishda texnik yordam ko‘rsatishga qaratilgan.
2017 va 2018-yillarda YXHT Bosh kotibi T.Greminger O‘zbekistonga tashrif buyurdi. 2022-yilda tashkilot Bosh kotibi X.Shmid respublikamizda bo‘ldi.
YXHT amaldagi raislari har yili O‘zbekistonga tashrif buyurishadi. Xususan, 2022-yili YXHTning amaldagi raisi, Polsha tashqi ishlar vaziri Z.Rau, 2023-yil avgustda YXHTning amaldagi raisi, Shimoliy Makedoniya tashqi ishlar vaziri B.Osmani mamlakatimizga keldi.
Har ikki yilda O‘zbekiston Respublikasi va YXHT o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish bo‘yicha amaliy harakatlar rejalari (“yo‘l xaritasi”) qabul qilinib, muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda.
YXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi (DIIHB) bilan hamkorlik jadal rivojlanmoqda.
2016-yil dekabr oyida YXHT DIIHB ilk marotaba muddatidan ilgari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini kuzatish bo‘yicha o‘z missiyasini mamlakatimizga yubordi. DIIHB missiyasi 2019-yili bo‘lib o‘tgan parlament saylovlari, 2021-yil oktabr oyida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi hamda 2023-yil iyul oyida muddatidan ilgari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida ham ishtirok etdi.
DIIHB direktori M.Mekkachi O‘zbekistonga bir necha bor tashrif buyurgan.
O‘zbekiston delegatsiyalari doimiy ravishda YXHT Parlament assambleyasi sessiyalarida ishtirok etib kelmoqdalar.
YXHTning OAV erkinligi bo‘yicha vakili ofisi bilan hamkorlik olib borilmoqda. 2017-yil 18-19-oktabr kunlari Toshkentda “Markaziy Osiyoda ochiq jurnalistika” YXHT 19-Markaziy Osiyo anjumani tashkil etildi.
2018-yil iyun oyida O‘zbekistonda YXHT shafeligida “Terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashishda yoshlarning o‘rni” mavzusida xalqaro konferensiya o‘tkazildi.
O‘zbekistonning YXHT bilan ko‘p tomonlama hamkorligida ekologik-iqtisodiy sohadagi muloqot alohida o‘rin tutadi. 2020-yilda O‘zbekistonning YXHTdagi doimiy vakili ilk bor tashkilot ikkinchi o‘lchamining asosiy tuzilmasi - ekologik va iqtisodiy qo‘mitaga raislik qildi.
