O‘zbekiston Prezidenti Gonkong bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish muhimligini ta’kidladi
2026-06-04 14:05:00 / Prezident faoliyati

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 4-iyun kuni Xitoy Xalq Respublikasi Syangan (Gonkong) maxsus ma’muriy hududi Administratsiyasi rahbari Li Szyachao boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.
Muloqot avvalida Li Szyachao davlatimiz rahbariga Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpinning samimiy salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.
Uchrashuvda O‘zbekiston – Xitoy hamkorligini, shu jumladan, Gonkong bilan hududlararo almashinuvlar va amaliy hamkorlikni kengaytirish orqali yanada rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Suhbat chog‘ida so‘nggi yillarda O‘zbekiston bilan Xitoy o‘rtasidagi do‘stlik va yangi davrdagi har tomonlama strategik sheriklik munosabatlari misli ko‘rilmagan darajaga ko‘tarilgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi.
Oliy darajada erishilgan kelishuvlar izchil amalga oshirilmoqda. May oyida Pekin shahrida Hukumatlararo komissiya yig‘ilishi va Sian shahrida uchinchi Hududlararo forum muvaffaqiyatli o‘tkazildi, Gonkongda iqtisodiy forum va sanoat ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi, O‘zbekiston savdo uyi ochildi.
O‘zbekiston hududlarining Gonkong bilan iqtisodiy hamkorligini rivojlantirish uchun mavjud salohiyatdan samarali foydalanish muhimligiga alohida e’tibor qaratildi. Toshkent shahriga Gonkong ishbilarmon doiralari vakillaridan iborat katta delegatsiya tashrif buyurgani ushbu yo‘nalishdagi sheriklikni yanada rivojlantirishga xizmat qilishiga ishonch bildirildi.
Savdo-iqtisodiy va moliyaviy aloqalarni kengaytirish, sanoat kooperatsiyasini yo‘lga qo‘yish, ta’lim, turizm va ishbilarmonlik almashinuvlarini rivojlantirish hamda to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlar va fuqarolarga konsullik xizmatlari ko‘rsatishni yo‘lga qo‘yishni nazarda tutuvchi kompleks hamkorlik dasturini qabul qilish muhimligi ta’kidlandi.
“Yashil” energetika, qishloq xo‘jaligi, biotexnologiyalar, raqamli iqtisodiyot, fintex, innovatsion startaplar, sun’iy intellekt va boshqalar ustuvor sohalar sifatida qayd etildi.
Hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha qo‘shma “yo‘l xaritasi”ni qabul qilish, shuningdek, Ishbilarmonlar kengashini tashkil etish hamda yaqin fursatda Gonkong bilan ikki tomonlama asosda vizasiz tartibni joriy etish yuzasidan kelishuvga erishildi.



