Samarqandda badiiy gimnastika bo‘yicha xalqaro Gran-pri turniri o‘tkaziladi
2025-11-06 09:50:00 / Yangiliklar

Turnirda 12 davlatdan (Belorus, Ispaniya, Rossiya, Moldova, Turkiya, Tojikiston, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Xitoy Xalq Respublikalari va boshqalar) eng kuchli gimnastikachi qizlar ishtirok etadi. Unda gimnastikachilar yakkalik va guruh bahslarida ko‘pkurash va alohida gimnastika predmetlari yordamida mashq bajarish bo‘yicha o‘z imkoniyatlarini sinovdan o‘tkazadi.
Shuningdek, gimnastikachi qizlarning halqa, to‘p, bulava va tasma bilan mashq bajarish bo‘yicha mahorati muxlis-u mutaxassislar tomonidan baholanadi. Bundan tashqari, turnir davomida jahon chempioni tomonidan master-klass o‘tkaziladi.
Sog‘lom turmush tarziga rioya qilish, toza havoda shug‘ullanish, to‘g‘ri ovqatlanish va tabiatni avaylash gimnastikaning asl mohiyatidir. Demak, badiiy gimnastika insonga nafaqat jismonan sog‘lom, balki tabiat bilan uyg‘un yashashni o‘rgatadi.
Mazkur musobaqa esa sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, gimnastikani yanada rivojlantirish, o‘zaro tajriba almashish hamda ushbu sport turi bo‘yicha yangidan-yangi iqtidorlarni kashf etish imkonini beradi.
