Jenevada O‘zbekistonning CITES konferensiyasiga tayyorgarligi taqdim etildi
2025-11-03 14:45:00 / Yangiliklar

Tadbirda xalqaro tashkilotlar, diplomatik missiyalar va tabiatni muhofaza qilish sohasidagi ekspertlarni o‘z ichiga olgan 300 dan ortiq ishtirokchi qatnashdi. O‘zbekiston Respublikasi nomidan BMTning Jenevadagi bo‘limi huzuridagi doimiy vakil Eldiyor Toshmatov ishtirok etdi.
Tadbirda CITES Bosh kotibi Ivonn Iguero Samarqandda 185 ta davlatdan qariyb 3 ming delegat ishtirok etishi kutilayotganini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu konferensiya Konvensiya tarixidagi eng yirik tadbirlardan biri bo‘lib, 2025-yilning eng muhim ekologik voqealaridan biri sifatida qayd etiladi. Forum doirasida CITES Doimiy qo‘mitasining 79-va 80-majlislari ham o‘tkaziladi.
"Samarqand yovvoyi tabiatni asrash bilan shug‘ullanadigan barcha uchun e'tibor markaziga aylanadi. U yerda biz xalqaro savdoni yanada mas’uliyatli va barqaror qilish yo‘llarini muhokama qilamiz, — dedi Iguero. — “Yashil” rivojlanish yo‘lini tanlagan O‘zbekiston tabiatni muhofaza qilish siyosatini mamlakat strategik taraqqiyotining ajralmas qismiga aylantirish bo‘yicha namuna bo‘lmoqda".
O‘zbekiston tomoni konferensiyaga tayyorgarlikning keng ko‘lamli ishlarini taqdim etdi. Hozirgacha 110 dan ortiq parallel tadbirlar — ekspert seminarlaridan tortib ko‘rgazma va tematik sessiyalargacha — rejalashtirilgan. Kun tartibiga 114 ta masala, 149 ta ishchi hujjat va Konvensiya Ilovalarini yangilash bo‘yicha 51 ta taklif kiritilgan.
Brifing davomida Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng qamrovli ekologik islohotlar ham alohida qayd etildi. Mamlakatda iqlim o‘zgarishining oqibatlariga qarshi kurashish, ekotizimlarni tiklash va tabiiy resurslardan oqilona foydalanishga qaratilgan innovatsion yechimlar faol joriy etilmoqda. Ushbu sa’y-harakatlar allaqachon sezilarli natijalar bermoqda, CITES COP20 konferensiyasining o‘tkazilishi esa bu yutuqlarni butun dunyoga namoyish etish imkonini beradi.
Tadbir yakunida CITES Kotibiyati vakillari ishtirokchilarga bo‘lajak konferensiyaning umumiy tuzilmasi va asosiy mavzularini taqdim etdilar. Bu mavzular Konvensiyani amalga oshirish mexanizmlarini takomillashtirish, noyob turlarni muhofaza qilish, tabiiy resurslardan barqaror foydalanish va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash masalalarini qamrab olgan.



