Finlyandiya Suv Forumi bilan Anglashuv deklaratsiyasi imzolandi
2025-11-02 10:00:00 / Yangiliklar
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Finlyandiya Respublikasi Prezidenti Aleksandr Stubb o‘rtasida qo‘shma bayonot imzolandi. Qo‘shma bayonot bir qator sohalarni, jumladan, chiqindilarni samarali boshqarish va atmosfera havosini muhofaza qilish masalalarini ham qamrab oldi.
Deklaratsiyaga ko‘ra, ikki davlat quyidagi sohalarda o‘zaro hamkorlik qiladi:
— suv resurslarini boshqarish va muhofaza qilish, jumladan, integratsiyalashgan suv resurslarini boshqarish; — barqaror va energiya tejovchi yechimlarga qaratilgan suv ta’minoti va chiqindi suvlarni tozalash texnologiyalari; — avtomatlashtirilgan onlayn ekologik monitoring tizimlari, gidrometeorologik va agrometeorologik kuzatuvlar hamda mahalliy suv tozalash inshootlari ishlab chiqarishni mahalliylashtirish bo‘yicha yechimlarni ishlab chiqish; — suv xo‘jaligi infratuzilmasini modernizatsiya qilish, qurish, rekonstruksiya qilish, foydalanish va gidrotexnika inshootlarining xavfsizligini ta’minlash; — suv resurslaridan samarali foydalanish va rag‘batlantirish asosidagi boshqaruv tizimini joriy etish; — yer usti va yer osti suvlarini samarali boshqarish, baholash, monitoring qilish va foydalanish; — yer osti suv manbalarini samarali muhofaza qilish va tiklash; — suv tejovchi texnologiyalarni qo‘llash bo‘yicha tajriba almashish; — innovatsiyalar va texnologiyalar, jumladan, masofadan zondlash, ma’lumot to‘plash va qayta ishlash sohasida tajriba almashish; — qo‘shma ilmiy tadqiqotlar va texnik hamkorlik; — atmosfera havosi va suv resurslarini qamrab olgan uzluksiz onlayn ekologik monitoring tizimlarini rivojlantirish va boshqalar.
Bundan tashqari, deklaratsiyada texnik bilimlar, ma’lumotlar va ilg‘or tajribalar almashish, konferensiyalar, seminarlar, treninglar va o‘quv tashriflarini birgalikda tashkil etish, pilot loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirish, Finlyandiya va O‘zbekiston ekologiya hamda suv sohasidagi kompaniyalari o‘rtasida biznes va investitsiya aloqalarini yo‘lga qo‘yish nazarda tutilgan.
Mazkur deklaratsiya atrof-muhitni muhofaza qilish, xususan, suv resurslarini boshqarish, barqaror rivojlanish, tabiiy resurslardan barqaror foydalanish, iqlim o‘zgarishi, gidrometeorologiya sohalarida hamkorlikni mustahkamlashga hamda atrof-muhitni monitoring qilish va muhofaza etish sohasida innovatsion va “aqlli” texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qiladi.
