O‘zbekistonda “yashil” energetika sari qat’iy qadamlar tashlanmoqda
2025-10-28 18:00:00 / Yangiliklar

Bugungi kunda mamlakatimizda umumiy quvvati 3 030 MVt bo‘lgan 12 ta quyosh fotoelektr stansiyasi hamda 1 652 MVt quvvatli 5 ta shamol elektr stansiyasi to‘liq ishga tushirilgan. Ushbu stansiyalar yil boshidan buyon 9,1 mlrd kVt soat elektr energiyasi ishlab chiqardi. Natijada 2,7 mlrd kub metr tabiiy gaz tejaldi va 4 million tonna zararli chiqindilarning atmosferaga chiqishi oldi olindi.
Qayta tiklanuvchi manbalar nafaqat tabiiy gaz sarfini kamaytirishga, balki mazut yoqilg‘isini ishlatishga bo‘lgan ehtiyojni ham yo‘qqa chiqarmoqda. Masalan, 2023 yilning yozida elektr energiyasi ishlab chiqarish uchun 124 ming tonna mazut yoqilgan bo‘lsa, 2024-yilda bunday ehtiyoj tug‘ilmadi, natijada mazut importi 200 ming tonnaga qisqardi.
Ayni paytda issiqlik elektr stansiyalarida mazutdan foydalanish taqiqlangan. U faqat tabiiy gaz bosimi pasayib ketgan holatlarda, Vazirlar Mahkamasi va Ekologiya vazirligiga axborot bergan holda, zaxira yoqilg‘i sifatida ishlatiladi.
Yil yakuniga qadar quyosh elektr stansiyalari quvvatini 4 630 MVtga, shamol stansiyalarini esa 1 652 MVtga yetkazish rejalashtirilgan. Bu hisobdan, QTEMlar orqali jami 11,5 mlrd kVt soat “yashil” energiya ishlab chiqarilib, 3 mlrd kub metr tabiiy gaz tejalishi va atmosferaga chiqishi mumkin bo‘lgan 5 million tonna zararli moddaning oldi olinishi kutilmoqda.

