Xalqaro himoyadagi noyob tur — Xongul (Buxoro bug‘usi)
2025-10-27 11:00:00 / Yangiliklar
Xongul (Buxoro bug‘usi) — O‘zbekiston faunasining yo‘qolib ketayotgan va lokal tarqalgan kenja turidir. Uning himoyasi muhim bo‘lganligi sababli O‘zbekiston Respublikasi Qizil kitobiga, xalqaro miqyosda CITES Konvensiyasining II Ilovasiga va Transchegaraviy tur sifatida Bonn Konvensiyasiga kiritilgan.

O‘tmishda Amudaryo va Sirdaryo to‘qayzorlarida keng tarqalgan bu bug‘u hozirda asosan Amudaryo vodiysining yuqori va o‘rta oqimida (Surxondaryo, Buxoro viloyati) saqlanib qolgan. Asosan, qayir to‘qayzorlarida yashaydi.
Xongullar sentabr-oktabrda juftlashadi, may-iyunda bolalaydi va daraxt, buta hamda o‘tsimon o‘simliklar bilan oziqlanadi. Soni kamayishining asosiy sabablari – yashash joylarining qisqarishi, to‘qayzorlarning degradatsiyasi, daraxtlarning kesilishi va brakonyerlikdir.
Xongulni ovlash qat'iy taqiqlangan. U Qizilqum, Zarafshon Milliy tabiat bog‘i va Quyi Amudaryo biosfera rezervatida muhofaza ostiga olingan. Xalqaro dasturlar asosida volyerlarda ko‘paytirish ishlari ham olib borilmoqda.
