Markaziy Osiyoda barqaror shaharlar koalitsiyasi tuzildi
2025-10-24 14:00:00 / Yangiliklar

Muloqot Yaponiyaning moliyaviy ko‘magi bilan amalga oshirilayotgan BMT Tiklanish va taraqqiyot dasturining (BMTTD) “Markaziy Osiyoda shaharlarning ofatlar va iqlim o‘zgarishlariga chidamliligini oshirish” nomli mintaqaviy loyihasi doirasida tashkil etildi. Loyiha beshta pilot shaharda — Petropavlovsk (Qozog‘iston), O‘sh (Qirg‘iz Respublikasi), Dushanbe (Tojikiston), Ashxobod (Turkmaniston) va Namangan (O‘zbekiston)da amalga oshirilmoqda. Loyiha maqsadi — xavf boshqaruvi va iqlimga moslashuvni hududiy rivojlanish jarayonlariga integratsiya qilish orqali mahalliy hamjamiyatlarning barqarorligini ta’minlashdir.
Tadbirning asosiy natijasi sifatida Markaziy Osiyo shaharlarining bardoshliligini oshirish bo‘yicha Mintaqaviy koalitsiya tashkil etildi. Pilot shaharlar vakillari tomonidan imzolangan qo‘shma deklaratsiya shaharlararo hamkorlik, tajriba almashish va global MCR2030 (“2030-yilgacha barqaror shaharlar”) tashabbusi doirasida iqlimga mos barqaror shahar muhitini rivojlantirish uchun yangi platformani ochdi.
Dushanbe, Petropavlovsk, O‘sh, Ashxobod va Namangan shaharlarining rahbarlari o‘z tajribalari va barqarorlikni rivojlantirish bo‘yicha rejalari bilan o‘rtoqlashishdi. Munozaralar davomida infratuzilmani yangilash, xavflarni tahlil qilish hamda mahalliy aholining ishtirokini ta’minlash kabi yondashuvlarning xilma-xilligi ta’kidlab o‘tildi.
“Biz Namangan O‘sh, Dushanbe, Ashxobod va Petropavlovsk bilan birgalikda Markaziy Osiyoning barqaror shaharlar koalitsiyasiga qo‘shilayotganidan mamnunmiz. Biz bu tashabbusni to‘liq qo‘llab-quvvatlaymiz”, — dedi Namangan viloyati Ekologiya boshqarmasi boshlig‘i Shuhrat Maxsumov.
Ishtirokchilar barqarorlikni mustahkamlash bo‘yicha xalqaro tajribalar, xususan, Yaponiyaning master-plan yondashuvi, GIZning mintaqaviy shaharsozlik loyihalari va BMTTDning iqlim o‘zgarishi hamda ofatlar xavfini kamaytirish masalalarini shahar rejalashtirishga integratsiya qilish modelini ham ko‘rib chiqishdi. Bundan tashqari, MCR2030, “Rahbarlar iqtisodiy o‘sish uchun” (M4EG) dasturi va "GAP Fund" tashabbuslari taqdim etilib, shaharlar uchun yangi imkoniyatlar yaratildi.
Pilot shaharlar xavf tahlili va shaharsozlik bo‘yicha o‘z yangilanishlarini taqdim etishdi. Bu tajriba almashinuvi hamkorlik, o‘qitish va umumiy muammolarni yechish uchun birgalikdagi yondashuvlarning ahamiyatini ko‘rsatdi.
Mintaqaviy muloqot Parij kelishuvi, 2015–2030-yillar uchun ofatlar xavfini kamaytirishga qaratilgan "Senday" dasturi, 2030-yilgacha Barqaror rivojlanish kun tartibi hamda Markaziy Osiyo mamlakatlarining 2022–2030-yillar uchun ofatlar xavfini kamaytirish bo‘yicha hamkorlik strategiyasini amalga oshirishga hissa qo‘shmoqda. Bu tadbir mintaqa davlatlari va xalqaro hamkorlarning Markaziy Osiyo shaharlarining barqaror kelajagini yaratishga sodiqligini yana bir bor tasdiqladi.
Tadbir BMT Taraqqiyot Dasturi (BMTTD) tomonidan, Favqulodda vaziyatlar va ofatlar xavfini kamaytirish markazi (CESDRR), BMTning Ofatlar xavfini kamaytirish boshqarmasi (UNDRR) va Tojikiston hukumati ko‘magida tashkil etildi.






