O‘zbekiston va Belarus o‘rtasida ekologik ekspertiza sohasida hamkorlik Memorandumi imzolandi
2025-10-23 15:00:00 / Yangiliklar

Mazkur hujjat ikki davlat o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarni mustahkamlash, ekologik ekspertiza sohasidagi ilmiy-amaliy hamkorlikni rivojlantirish hamda mutaxassislarning kasbiy salohiyatini oshirishga qaratilgan.
Tadbir davomida tomonlar atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida o‘zaro hamkorlikni yanada mustahkamlash, barqaror rivojlanish yo‘nalishida qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirish muhimligini ta’kidladilar. Memorandum ekologik ekspertiza va atrof-muhitga ta’sirni baholash jarayonlarini takomillashtirish, o‘quv dasturlarini rivojlantirish va mutaxassislar malakasini oshirish, zamonaviy raqamli yechimlar hamda innovatsion yondashuvlarni joriy etish, qo‘shma ilmiy tadqiqotlarni amalga oshirish va xalqaro ekologik tashabbuslarda birgalikda ishtirok etishni nazarda tutadi.
“Bu Memorandum uzoq muddatli samarali hamkorlikning boshlanishi bo‘lib, tajriba almashish, qo‘shma tashabbuslarni rivojlantirish va ekologik ekspertiza hamda atrof-muhitga ta’sirni baholash sohasidagi salohiyatni mustahkamlashga xizmat qiladi, — dedi Davlat ekologik ekspertizasi markazi bosh direktori G‘ayrat Muhamedov. — Belaruslik hamkasblarimiz — Davlat ekologik ekspertizasi va kadrlar tayyorlash respublika markazining yutuqlarini yuksak qadrlaymiz. Sizlarning ekspertiza maktabingiz, metodik bazangiz va malaka oshirish tizimingiz mintaqada munosib e’tirof etilgan va ko‘plab davlatlar uchun o‘rnak bo‘lib xizmat qilmoqda".
Ta'kidlash joizki, O‘zbekistonda bugun zamonaviy ekologik boshqaruv tizimi shakllanmoqda. Joriy yilda “Ekologik ekspertiza, atrof-muhitga ta’sirni baholash va strategik ekologik baholash to‘g‘risida”gi yangi Qonun kuchga kirdi, raqamli platforma joriy etildi, mutaxassislar uchun o‘quv dasturlari yo‘lga qo‘yildi. Belaruslik hamkorlarning tajribasi esa amalga oshirilayotgan islohotlarning samaradorligini yanada oshiradi.
Memorandumda hamkorlikning asosiy tamoyillari belgilangan: tenglik, o‘zaro manfaat, bilim va tajriba almashish, shuningdek, ekspertlarning kasbiy salohiyatini rivojlantirish. Hamkorlik doirasida ilmiy va metodik axborot almashish, qo‘shma konferensiyalar, seminarlar va uchrashuvlar o‘tkazish, malaka oshirish dasturlarini tashkil etish, ishchi guruhlar tuzish hamda ekologik ekspertizaga oid raqamli yechimlarni rivojlantirish nazarda tutilgan.
Mazkur Memorandum ekologik ekspertiza sohasidagi hamkorlikni mustahkamlash, ilg‘or tajribalarni amaliyotga joriy etish va atrof-muhit xavfsizligini ta’minlash yo‘lida muhim ahamiyat kasb etadi.



