23-oktabr – Xalqaro qor qoploni kuni
2025-10-23 10:00:00 / Yangiliklar

Bu sana 2024-yilda BMT Bosh Assambleyasi tomonidan qor qoploni va uning tabiiy yashash joylarini muhofaza qilish bo'yicha sa'y-harakatlarni qo'llab-quvvatlashda xalqaro va mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash uchun e'lon qilingan.
Qor qoploni yoki irbis (Panthera uncia) Afg'oniston va Butandan tortib Mo'g'uliston, Xitoy, Rossiya, Tojikiston va O'zbekistongacha bo'lgan Osiyo tog'larida yashovchi noyob va ulug'vor yirtqichdir. Uning mavjudligi millionlab insonlarning hayoti bog'liq bo'lgan tog' ekotizimlarining sog'lomligidan dalolat beradi.
Bu tur qat'iy himoyalangan: 1975-yildan beri qor qoploni yo'qolib ketish xavfi ostida turgan yovvoyi fauna va flora turlari bilan xalqaro savdo to'g'risidagi konvensiyaning (CITES) I-ilovasida va 1986-yildan beri ko'chib yuruvchi yovvoyi hayvonlar turlarini muhofaza qilish to'g'risidagi konvensiyaning (CMS) I-ilovasida ro'yxatga olingan. 2017-yilda Xalqaro tabiatni muhofaza qilish ittifoqi (IUCN) uni yo'q bo'lib ketish xavfi ostida bo'lgan zaif tur deb tasnifladi.
2025-yil iyun oyida Qirg'iz Respublikasining Cho'lpon-Ota shahrida Global qor qoploni va ekotizimlarni himoya qilish dasturi (GSLEP) boshqaruv qo'mitasining 9-yig'ilishi bo'lib o'tdi. Cho'lpon-Ota rezolyutsiyasi qabul qilindi, bu qor qoploni yashaydigan mamlakatlarning sa'y-harakatlarini birlashtirish yo'lidagi muhim qadamdir. Hujjat hamkorlikni mustahkamlash, Yuqori Osiyo ekotizimlarining barqarorligini oshirish va iqlim o'zgarishiga moslashishga qaratilgan.
Qor qoplonini muhofaza qilish nafaqat bitta turni himoyalash, balki tog'larimiz, suv resurslarimiz va sayyoramizning iqlim muvozanati kelajagi bilan ham bog'liq. Tabiatni asrasak, uning noyob vakillarini ham saqlab qolishimiz mumkin.
