"Yangi daraxt — yangi nafas" respublika ekochempionati o‘tkaziladi
2025-10-20 16:30:00 / Yangiliklar

Ekochempionat "Eng ko‘p daraxt ko‘chatlarini ekkan tabiat himoyachisi" nominatsiyasi bo‘yicha o‘tkaziladi. Ekochempionat o'tkaziladigan joylarning manzili haqida ekochempionat o‘tkaziladigan oyning 1-sanasiga qadar vazirlik hududiy boshqarmalarining telegram kanali orqali e'lon qilinadi.
Ekochempionat o‘tkazish uchun hududlarda maxsus komissiyalar tashkil qilinadi. Bu komissiyalar tomonidan bahor mavsumida 1-martga qadar, kuz mavsumida esa 1-noyabrga qadar ekochempionat o'tkaziladigan hududlar belgilanadi. Ekochempionat o'tkazish uchun zarur daraxtlar turlari va miqdori to‘g‘risidagi ma'lumotlar shakllantiriladi va ekochempionat o'tkaziladigan hudud egalariga taqdim etiladi. Shuningdek, daraxt ko‘chatlarini ekish tartibi (ko‘chatlarning oralig‘i, ekiladigan chuqurning o‘lchovi va hokazo) belgilanadi. Daraxt ekish ertalab soat 08:00 dan 12:00 ga qadar davom etadi. Ekilgan daraxtlarni sanash hamda g'oliblarni aniqlash soat 15:00 ga qadar amalga oshiriladi. Ekochempionat sanasi ob-havoga qarab o‘zgartirilishi mumkin.
Chempionat "Yashil makon" umummilliy loyihasi doirasida "2030-yilgacha bo'lgan davrda aholining ekologik madaniyatini yuksaltirish konsepsiyasi"da belgilangan vazifalarni bajarish, O'zbekistonda daraxt ko'chatlarini ekish orqali iqlim o'zgarishi va uning oqibatlarini yumshatish, aholi, jumladan, yoshlar o'rtasida daraxt ko'chatlarini ekish tadbirlarini ommalashtirish, aholi orasida daraxt ekish tadbirlarini milliy qadriyat sifatida targ'ib qilish, insonlarning ko'chat ekish bo'yicha bilim va tajribasini oshirish hamda ekologik madaniyatni shakllantirish maqsadida tashkil etiladi.
Yakuniy natijalar hisoblanayotganda daraxt ko‘chatlari belgilangan joylarga belgilangan chuqurlik oralig'ida ekilmasa, ularga suv qo‘yilmasa, ishtirokchilarga boshqa shaxslar yordam bersa (harakatlanishi bilan bog‘liq imkoniyati cheklangan ishtirokchilarga 1 kishi yordam berishi mumkin) ushbu daraxt ko'chatlari inobatga olinmaydi. G‘oliblar chempionat yakunlangan kunda e'lon qilinadi va 3 million so'm pul mukofoti, ushbu tanlovda g'olib bo'lganini tasdiqlovchi diplom hamda qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlanadi.
"2030-yilgacha bo'lgan davrda aholining ekologik madaniyatini yuksaltirish konsepsiyasi"ga ko‘ra "Yashil makon" umummilliy loyihasi doirasida o‘tkaziladigan mazkur tanlov daraxt ko‘chatlarini ekish orqali iqlim o‘zgarishi va uning oqibatlarini yumshatish, aholi, jumladan, yoshlar o‘rtasida daraxt ko‘chatlarini ekish tadbirlarini ommalashtirish, daraxtlarning foydalari haqida keng qamrovli tushuntirish ishlarini amalga oshirish, aholi orasida daraxt ekish tadbirlarini milliy qadriyat sifatida targ'ibot qilish, insonlarning ko'chat ekish bo'yicha bilim va tajribasini oshirish hamda ekologik madaniyatini shakllantirish va tabiat muhofazasiga befarq bo‘lmagan ko'ngillilar tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashga xizmat qiladi.





