O‘zbekiston delegatsiyasi Turkiyadagi xalqaro ekologik forumda ishtirok etmoqda
2025-10-18 09:30:00 / Yangiliklar

Forumning asosiy mavzusi “Zero Waste Movement: People, Places, Transformation” (“Nol chiqindilar harakati: insonlar, joylar, o‘zgarishlar”) bo‘lib, nol chiqindili jamiyatga o‘tish bo‘yicha amaliy qadamlar va strategiyalar, jumladan, sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish masalalari muhokama qilinadi.
Ma’lumot uchun, “Zero Waste” jamg‘armasi 2023-yilda jamg‘armaning faxriy prezidenti Emine Erdog‘an tomonidan tashkil etilgan. Jamg‘arma “Zero Waste” tashabbusini ilgari surish, shuningdek, nol chiqindi tushunchasini qabul qiladigan ekologik ongli jamiyatni shakllantirishni maqsad qilgan.
Forum davomida yuqori darajadagi uchrashuvlar, ko‘p tomonlama panel muhokamalari hamda ilg‘or tajribalarni taqdim etishga bag‘ishlangan sessiyalar o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Qolaversa, "nol" chiqindi, iqlim va jamiyat, barqaror shaharlar, uglerod va suv izlarini hisoblash masalalariga bag‘ishlangan tadbirlar ham bo‘lib o‘tadi.
Ushbu tadbir barqaror rivojlanish hamda chiqindilarni boshqarish sohasida bilim va tajriba almashish uchun muhim xalqaro platforma hisoblanadi. Maqsad barqaror iste’mol va ishlab chiqarish konsepsiyasini ilgari surish, chiqindilarni kamaytirish hamda global miqyosda ekologik madaniyatni shakllantirishdir.
