Qizil kitobga kiritilgan qirg‘ovullar noqonuniy ovlanganligi ma'lum bo‘ldi
2025-10-13 14:00:00 / Yangiliklar
Ijtimoiy tarmoqlarda Samarqand viloyati Pastdarg‘om tumanida fuqarolar tomonidan qirg‘ovullar noqonuniy ovlanganligi haqida xabar tarqaldi. Holat Nurobod tuman Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi bo‘limi inspektorlari tomonidan o‘rganildi.

O‘rganish davomida Pastdarg‘om tumani "Turkman" MFYda yashovchi fuqarolar S.T. va Z.N. tomonidan Nurobod tumani "Yuksalish" MFY hududida 7 ta yovvoyi Zarafshon qirg‘ovuli noqonuniy ovlanganligi aniqlandi.
Ma'lumot uchun, Zarafshon qirg‘ovuli O‘zbekiston Qizil kitobiga kiritilgan bo‘lib, zaifga yaqin tur hisoblanadi. Soni barqarorlashgan bo‘lsa-da, muhofaza choralari muhim ahamiyatga ega.
Huquqbuzarlik natijasida hayvonot dunyosiga 288 million 400 ming so‘m zarar yetkazilganligi ma'lum bo‘ldi. Hujjatlar holatga huquqiy baho berish va tegishli chora ko‘rish maqsadida Samarqand viloyat prokuraturasiga yuborildi.
