Aholini ichimlik suvi bilan ta'minlashga qaratilgan loyiha borasida jamoatchilik fikri o‘rganildi
2025-10-02 14:00:00 / Yangiliklar

Eshituvda To‘rtkul, Qo‘ng'irot va Mo‘ynoq tumanlari Ekologiya bo‘limlari, Davlat ekologik ekspertizasi markazi Qoraqalpog‘iston Respublikasi filiali, Qoraqalpog‘iston Respublikasi “Suvta’minot” AJ va uning tuman filiallari, Mo‘ynoq tumani suv ta'minoti bo‘limi, mahalliy aholi, MFY raislari, loyihaga mas'ul “Nazar Business and Technology” MChJ va OAV vakillari ishtirok etdi.
Ushbu loyiha Osiyo taraqqiyot banki bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda. Unga ko‘ra, Qo‘ng‘irot va Mo‘ynoq tumanlari hududida 97 km uzunlikdagi yangi suv quvurlari quriladi, 500 mm diametrli asosiy magistral quvurlar orqali suv yetkaziladi hamda kuniga 250 ming m³ suvni taqsimlash imkonini beruvchi tizim barpo etiladi.
Shu bilan birga, Paxta-Arna kanalidan suv olish punktini rekonstruksiya qilish va Tuyamo‘yin suv tozalash inshootini modernizatsiya qilish ko‘zda tutilgan. Bu inshoot kuniga 140 ming m³ suvni tozalash quvvatiga ega bo‘ladi.
Jamoatchilik eshituvida loyiha doirasida ekologik va ijtimoiy ta’sirlarni baholash bo‘yicha xalqaro talablarga amal qilinayotganligi alohida ta’kidlandi. Xususan, qurilish jarayonida havo ifloslanishi, shovqin darajasi, suv va tuproqning ifloslanishi ehtimolini kamaytirish borasida aniq choralar belgilanganligi, qurilishda chang hosil bo‘lishini kamaytirish, chiqindilarni nazoratli yig‘ish va yo‘q qilish hamda shovqinni pasaytiruvchi texnologiyalar qo‘llash rejalashtirilganligi qayd etildi. Shuningdek, jamoatchilik vakillarining fikr va takliflari tinglandi.
Ma’lumot uchun, ushbu loyiha O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 24-maydagi 257-son qaroriga ko‘ra “Tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi qonun, “Suv va suvdan foydalanish to‘g‘risida”gi qonun hamda Osiyo taraqqiyot bankining ekologik va ijtimoiy siyosatida belgilangan me’zonlar asosida amalga oshirilmoqda.
Loyiha aholini sifatli ichimlik suvi bilan ta’minlash, suv tarmoqlarini modernizatsiya qilish, sanitariya va sog‘liqni saqlash ko‘rsatkichlarini yaxshilash hamda mintaqadagi ekologik xavflarni kamaytirishga xizmat qiladi.



