O‘zbekiston Nyu-Yorkdagi Iqlim sammitida asosiy maqsadlarini taqdim etdi
2025-09-26 10:30:00 / Yangiliklar

Uchrashuv asosiy e’tibor noyabr oyida Braziliyaning Belen shahrida bo‘lib o‘tadigan BMTning Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha Konvensiyasi (COP30) doirasidagi navbatdagi konferensiyaga tayyorgarlikka qaratildi.
Sammit davomida Parij bitimiga qo‘shilgan davlatlar, ya’ni global issiqxona gazlari tashlamalarining uchdan ikki qismiga sabab bo‘layotgan mamlakatlar o‘z milliy hissalarini (NDC) yangilaganini yoki yangilash ustida ishlayotganini ma’lum qildi. Ilk bor yirik iqtisodiyotga ega davlatlar, jumladan, Xitoy va Nigeriya barcha sohalarni qamrab oluvchi chiqindilarni qisqartirish bo‘yicha keng qamrovli maqsadlarni e’lon qildi. Boshqa davlatlar esa quyosh va shamol energetikasi, metan tashlamarini kamaytirish, o‘rmonlarni muhofaza qilish va qazib olinadigan yoqilg‘idan bosqichma-bosqich voz kechish bo‘yicha yangi yo‘nalishlarni belgiladi.
Biroq mutaxassislar bu choralar kutilayotgan iqlim falokatining oldini olish uchun yetarli bo‘lmasligi mumkinligidan ogohlantirmoqda. BMT vakili: “Xavf juda katta”, — deb ta’kidlab, yoz mavsumida dunyo suv toshqinlari, qurg‘oqchilik va misli ko‘rilmagan issiq to‘lqinlari kabi halokatli iqlim hodisalari bilan to‘qnash kelganini eslatdi. Olimlarning fikricha, inson faoliyati tufayli yuzaga kelgan global isish ushbu tabiiy ofatlar miqyosini kengaytirib, kelajakda yanada jiddiy oqibatlarga olib kelishi mumkin.
BMT Bosh kotibi o‘z nutqida: “Fan harakatni talab qiladi, iqtisodiyot bunga ishontiradi, insonlar esa bunga da’vat etmoqda”, — deya ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, toza energiyaga o‘tish yangi ish o‘rinlarini yaratadi, iqtisodiyotning barqarorligini oshiradi va qazib olinadigan yoqilg‘i bozorlaridagi beqarorlikdan qutulishga yordam beradi. U COP30 sammiti Parij bitimi maqsadlariga erishish uchun “ishonchli global harakatlar rejasini” ishlab chiqish bo‘yicha burilish nuqtasi bo‘lishi kerakligini aytdi.
Sammitda O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri o‘rinbosari Jusipbek Kazbekov O‘zbekistonning erishgan yutuqlari va rejalari haqida taqdimot qildi. U O‘zbekiston amaldagi NDC 2.0 doirasida 2030-yilgacha issiqxona gazlari chiqindilarini 34,8% ga kamaytirishga erishganini, ya’ni belgilangan majburiyatlar deyarli bajarilganini ta’kidladi. Hozirda NDC 3.0 ustidagi ish yakunlanmoqda va u COP30 sammitida taqdim etiladi.
Shuningdek, O‘zbekiston tomonidan quyidagi asosiy maqsadlar ta’kidlandi:
— kelgusi besh yil ichida qayta tiklanuvchi energiya quvvatlarini 25 000 MVtga yetkazish va uning energetika balansidagi ulushini 54% gacha oshirish;
— iqtisodiyotning barcha sohalarida energiya samaradorligini ikki barobarga oshirish;
— qattiq maishiy chiqindilarni yig‘ish darajasini 95% ga yetkazish, shundan 35% qayta ishlanib, energiya olinadi;
— o‘rmon maydonlarini 6,1 million gektargacha kengaytirish, jumladan, Orolbo‘yida keng ko‘lamli o‘rmonlarni tiklash ishlari olib borish;
— alohida muhofaza qilinadigan hududlar ulushini mamlakat hududining 14,5% gacha oshirish;
— 2050-yilga borib uglerod neytralligiga erishish.
Ta’kidlash joizki, Parij bitimiga ko‘ra, har bir davlat har besh yilda o‘z milliy hissalarini yangilab, hisobot taqdim etishi shart. 2035-yil uchun yangi maqsadlarni belgilash bo‘yicha so‘nggi muddat fevral oyida yakunlanganiga qaramay, hozirgacha atigi 47 davlat (global miqyosdagi tashlamalarning 24% ga yaqinini tashkil etadi) o‘z majburiyatlarini taqdim etdi. Ko’p miqyosda tashlamalar hosil qilinadigan davlatlar — xususan Yevropa Ittifoqi va Hindiston — hanuz orqada qolmoqda, ayrim taqdim etilgan rejalar esa ambitsiyaning yetishmasligi uchun tanqid qilinmoqda.
Shu bois Nyu-Yorkdagi sammit va Belendagi COP30 sammitiga bo‘lgan e’tibor ortib bormoqda, chunki global iqlim siyosatining keyingi qadamlari aynan ana shu maydonlarda belgilanadi.
Nyu-Yorkdagi Iqlim sammiti Braziliyadagi COP30 yo‘lidagi muhim bosqich bo‘ldi. E’lon qilingan tashabbuslar va yangi majburiyatlar shuni ko‘rsatadiki, global chaqiriqlar va noaniqliklarga qaramay, mamlakatlar iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashishga sodiqligini saqlab qolmoqda.
O‘zbekistonning ishtiroki mamlakatning iqlim bo‘yicha olgan majburiyatlarini bajarishda davom etishga va NDC 3.0 doirasida o‘z ambitsiyalarini oshirishga tayyor ekanligini namoyon etdi. Bu esa respublikaning xalqaro iqlim jarayonidagi pozitsiyasini mustahkamlashga hamda ekologiya va barqaror rivojlanish sohasida hamkorlikni kengaytirishga xizmat qiladi.


