Sud qarori bilan “Navoiyazot” va “Sogda Kimyo Zavod”ga qarashli sexlar faoliyati vaqtincha to‘xtatildi
2025-09-24 16:00:00 / Yangiliklar

Nazorat tadbirlari davomida 22 ta sanoat korxonasi tomonidan ekologik talablarga zid tarzda faoliyat olib borilayotganligi aniqlanib, qaror asosida ushbu korxonalar faoliyatini to‘xtatish yuzasidan tegishli choralar ko‘rildi hamda 25 nafar masʼullarning maʼmuriy javobgarlik masalasi hal qilindi.
Shuningdek, atmosferaga salbiy taʼsir ko‘rsatuvchi 22 ta korxona yoki sexlar faoliyatini to‘xtatish yuzasidan iqtisodiy sudlarga daʼvo arizalari kiritildi. Mazkur daʼvo arizalaridan 20 tasi Karmana tumanlararo iqtisodiy sudi tomonidan ko‘rib chiqilib, 19 tasi qanoatlantirildi.
Xususan, 23-sentabr kuni Navoiy viloyat sudining Iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudlov hayʼati sudyalari tomonidan Karmana tumanlararo iqtisodiy sudining hal qiluv qarori yuzasidan berilgan shikoyat arizasi ko‘rib chiqilib, “Navoiyazot” AJning 23-sexi (ammiak) faoliyati sud qarori bilan vaqtincha to‘xtatildi.
Shuningdek, Karmana tumanida joylashgan “Sogda Kimyo Zavod” MCHJga qarashli uchta sex faoliyatiga ham Karmana tumanlararo iqtisodiy sudining hal qiluv qaroriga asosan vaqtincha chek qo‘yildi.
Bundan tashqari, reyd tadbiri davomida jami 92 ta noqonuniy, yaʼni qo‘lbola usulda qurilgan ohak pishirish xumdonlari aniqlanib, tegishli tashkilotlar ishtirokida to‘liq buzdirildi.


