Yerdan samarali foydalanish va huquqbuzarliklarni bartaraf etish tizimi takomillashtiriladi
2025-09-24 15:00:00 / Yangiliklar

Bu borada O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Yerga oid munosabatlarda korrupsion omillarni bartaraf etish mexanizmlarini yanada takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida muhim vazifalar belgilab berildi.
Qarorga ko‘ra, 2026-yil 1-yanvardan maxsus vakolatli davlat organlarining yer qonunchiligiga rioya qilmaslik, jumladan, yer uchastkalaridan maqsadsiz va samarasiz foydalanish, yerlarni o‘zboshimchalik bilan egallash, o‘zboshimchalik bilan bino va inshootlar qurish holatlarini barvaqt aniqlash, tegishli choralar ko‘rishga oid vazifa va funksiyalari faqatgina “E-YER NAZORAT” tizimi orqali amalga oshiriladi.
Bunda kosmik suratlarni qayta ishlash va tahlil qilish orqali aniqlangan yerga oid qonunbuzarlik ehtimoli yuqori bo‘lgan holatlar bo‘yicha ma’lumotlar “Raqamli hukumat” tizimi idoralararo integratsiyalashuv platformasi orqali “E-YER NAZORAT” tizimiga yuboriladi. Bunda yer uchastkalaridan maqsadsiz va samarasiz foydalanish, yerlarni o‘zboshimchalik bilan egallash, bunday yerlarda noqonuniy qurilmalar qurish holatlari bir yilda ikki marotaba aerokosmik monitoring orqali aniqlanadi.
Shuningdek, yerga oid huquqbuzarlik darajasiga ko‘ra hududlar quyidagicha toifalarga bo‘linadi:
— “qizil” toifadagi hudud — yer uchastkalaridan maqsadsiz va samarasiz foydalanish, yerlarni o‘zboshimchalik bilan egallash hamda o‘zboshimchalik bilan bino va inshootlarni qurish ehtimoli yuqori hududlar;
— “sariq” toifadagi hudud — yer uchastkalaridan maqsadsiz va samarasiz foydalanish, yerlarni o‘zboshimchalik bilan egallash hamda o‘zboshimchalik bilan bino va inshootlarni qurish ehtimoli o‘rta hududlar;
— “yashil” toifadagi hudud — yer uchastkalaridan maqsadsiz va samarasiz foydalanish, yerlarni o‘zboshimchalik bilan egallash hamda o‘zboshimchalik bilan bino va inshootlarni qurish ehtimoli past hududlar.
Bunda “qizil” toifadagi hududlarda maxsus dronlardan foydalangan holda har chorakda kamida 1 marotaba, “sariq” toifadagi hududlarda maxsus samolyot yordamida har 6 oyda kamida 1 marotaba monitoring kuzatuvlari olib boriladi.
Kosmik monitoring natijasida aniqlangan yer uchastkalaridan maqsadsiz va samarasiz foydalanish, yerlarni o‘zboshimchalik bilan egallash hamda o‘zboshimchalik bilan bino va inshootlarni qurish ehtimoli yuqori bo‘lgan holatlarga oid dastlabki ma’lumotlar “E-YER NAZORAT” tizimi orqali tegishli tashkilotlarga yuboriladi.
Xususan, muhofaza etiladigan tabiiy hududlar egallagan yerlar, ustuvor ravishda ekologik, ilmiy, madaniy, estetik, rekreatsiya va sanitariya-sog‘lomlashtirish maqsadlarida foydalaniladigan yerlar, o‘rmonlar, “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida tashkil etilgan zonalar, tabiiy suv havzalari, xavfli chiqindilar ko‘milgan hamda saqlanayotgan maxsus ombor va chiqindi poligonlariga mo‘ljallangan yerlar bo‘yicha holatlar Ekologiya vazirligiga taqdim etiladi.
Bunda kelib tushgan ma’lumotlar maxsus vakolatli davlat organlari tomonidan o‘rganilib, vakolat doirasida tegishli choralar ko‘riladi yoki huquqbuzarliklarni ko‘rib chiqish vakolatiga ega organga yuboriladi. “E-YER NAZORAT” tizimiga kelib tushgan ma’lumotlar maxsus vakolatli davlat organlari tomonidan asossiz qaytarilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Mazkur qaror yer uchastkalaridan samarali foydalanish tizimini yo‘lga qo‘yish, yerlar, ayniqsa, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlar talon-toroj qilinishining oldini olish, mazkur jarayonlarga axborot texnologiyalarini keng joriy qilish orqali sohada raqamlashtirish jarayonlarini jadallashtirishga xizmat qiladi.
