Sirdaryo daryosidan takroran noqonuniy baliq ovlaganlar ushlandi
2025-09-24 14:30:00 / Yangiliklar

Fuqaro A.U. va boshqa huquqbuzarlar tomonidan avvalroq ham noqonuniy baliq ovlangan va jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari davom ettirilayotganligiga qaramasdan, avvalgi qilmishdan yetarlicha xulosa chiqarilmagan va qisqa vaqt ichida xuddi shu huquqbuzarlik takroran sodir etilgan.
Toshkent viloyati Bo‘ka tumani hududidagi reyd davomida fuqarolar A.U. va Sh.U. tomonidan Sirdaryo daryosining Bo‘ka tumani hududidan oqib o‘tuvchi qismida taqiqlangan ov quroli — elektr qarmoq yordamida 8 xildagi jami 31 dona baliq noqonuniy ovlanganligi ma’lum bo‘ldi.
Reyd davomida huquqbuzarlar baliqlar, elektr qarmoq, rezina qayiq va uning eshkaklari, setkali tutqich, rezina qayiqni damlash uchun nasos va 2 dona 60 amperli akkumulyatorni davlat raqam belgisi “10 J 011 VA” bo‘lgan oq rangli “Cobalt” transport vositasi yukxonasiga ortib, hududdan olib chiqib ketishayotganida to‘xtatib qolindi.
O‘rganish natijasida ovlangan baliqlardan 3 donasi O‘zbekiston “Qizil kitobi”ga mansub “Тurkiston mo‘ylabdori” balig‘i ekanligi ma’lum bo‘ldi. Huquqbuzarlik natijasida “O‘simlik dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risida”gi qonun buzilgan hamda hayvonot dunyosiga 679 million 400 ming so‘m zarar yetkazilgan.
Holat yuzasidan tegishli tartibda dalolatnoma rasmiylashtirilib, noqonuniy ovlangan baliqlar va taqiqlangan ov qurollari holatga huquqiy baho berilgunga qadar vaqtinchalik saqlash uchun olib qo‘yildi. Shuningdek, noqonuniy ov davomida foydanilgan“Cobalt” transport vositasi vaqtinchalik saqlash uchun jarima maydoniga joylashtirildi.
Ta’kidlash joizki, fuqaro A.U. va boshqa huquqbuzarlar tomonidan avvalroq ham noqonuniy baliq ovlangan va jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda Toshkent viloyati, Oqqo‘rg‘on tumani IIB huzuridagi Tergov bo‘linmasi tomonidan tergov harakatlari davom ettirilayotganligiga qaramasdan, fuqaro A.U. avvalgi qilmishidan yetarlicha xulosa chiqarmay, qisqa vaqt ichida xuddi shu huquqbuzarlikni takroran sodir etgan.
To‘plangan hujjatlar holatga huquqiy baho berish va chora ko‘rish maqsadida huquqni muhofaza qilish organlariga yuborildi.
