O‘zbekiston va OTB "yashil" iqtisodiyot va iqlim sohasidagi hamkorlikni kuchaytirmoqda
2025-09-22 18:00:00 / Yangiliklar

Uchrashuvda vazir Aziz Abduhakimov uzoq yillik hamkorlik va doimiy qo‘llab-quvvatlash, xususan, chiqindilarni boshqarish, institutsional islohotlar va O‘zbekistonda "yashil" iqtisodiyotni rivojlantirish yo‘nalishlaridagi ko‘mak uchun minnatdorlik bildirdi.
Shuningdek, janob Yangning yaqinda Namanganga tashrifi yakunlari, jumladan, “Kambag‘allikdan farovonlik sari” xalqaro forumidagi ishtiroki, Prezident Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashuvi va bunda muhim masalalar muhokama qilingani alohida qayd etildi.
Bundan tashqari, 2025-yilning O‘zbekistonda “Atrof-muhitni asrash va “yashil” iqtisodiyot yili” deb e’lon qilinishi mamlakatimizning ekologik ustuvor yo‘nalishlar, qayta tiklanuvchi energiya manbalari, o‘rmonzorlar barpo etish va yashil innovatsiyalar bo‘yicha strategik yo‘nalishini aks ettirganiga alohida e’tibor qaratildi. Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishini o‘rganish universitetining (“Green University”) tashkil etilishi ham ta’lim va ilmiy tadqiqotlar sohasidagi yirik qadam sifatida baholandi.
Janob Yang O‘zbekistonning atrof-muhitni muhofaza qilish bo‘yicha yetakchiligini yuqori baholadi, “Eco Expo Central Asia 2025” ko‘rgazmasining muvaffaqiyatli o‘tkazilganligini alohida e’tirof etdi va yangi tashabbuslarni, jumladan, iqlimga chidamli shaharsozlik loyihalari va innovatsion moliyalashtirish yechimlarini qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini bildirdi.
Uchrashuvda, shuningdek, O‘zbekistonda havo sifatini boshqarish va aholi salomatligini yaxshilashga xizmat qiluvchi “Salomatlik va barqarorlikni yaxshilash uchun toza havo harakatlari” mintaqaviy tashabbusini amalga oshirish bo‘yicha kelgusi hamkorlik ham belgilandi. Muhokamalarda iqlim muammolariga chidamlilikni kuchaytirish uchun shahar barqarorligi, aqlli monitoring texnologiyalari va shaharni ko'kalamzorlashtirish masalalari muhokama qilindi.
Ikkala tomon ham ekologiya va barqaror rivojlanish sohalarida qo‘shma loyihalarni ilgari surish tarafdori ekanliklarini tasdiqlab, ularning hamkorligi yashil kelajakka oid milliy va global maqsadlarga sezilarli hissa qo‘shishini ta’kidladilar.








