Butunjahon avtomobilsiz kun!
2025-09-22 10:00:00 / Yangiliklar

So‘nggi yillarda O‘zbekistonda avtomobillar soni keskin ortib bormoqda: agar 2021-yilda ularning soni 3,14 million bo‘lgan bo‘lsa, 2025-yilga kelib bu ko‘rsatkich 66 foizga oshib, 5,2 millionga yetdi. Bu holat, ayniqsa, Toshkent shahrida yaqqol sezilmoqda — transport vositalari sonining ortishi havo sifatiga va aholi salomatligiga bevosita ta’sir ko‘rsatmoqda. Dunyo statistikasi esa zararli chiqindilarning 60 foizga yaqini aynan avtotransport hissasiga to‘g‘ri kelishini ko‘rsatmoqda. Taqqoslash uchun: sanoat ulushi 21 foiz, elektr energiyasi ishlab chiqarish esa 20 foizni tashkil etadi.
Butunjahon avtomobilsiz kun — bu shunchaki ramziy sana emas, balki biz shaxsiy transportdan voz kechib, jamoat transporti, piyoda yurish, velosiped yoki boshqa ekologik toza harakatlanish vositalaridan foydalanish orqali atrof-muhitga bo‘lgan bosimni kamaytirishimiz mumkinligini eslatadi. Har bir shunday qadam — toza havo, sog‘lom jamiyat va barqaror kelajak sari qo‘yilgan muhim hissadir.
