Markaziy Osiyo Badminton chempionatining rasmiy ochilish marosimi o’tkazildi
2025-09-19 10:00:00 / Yangiliklar

Unda Badminton Osiyo taraqqiyot qo’mitasi raisi Vajid Ali Chaudhary, O’zbekiston Milliy Olimpiya qo’mitasi raisining birinchi o’rinbosari Otabek Umarov, O’zbekiston Respublikasi sport vaziri Adham Ikramov, O’zbekiston Respublikasi Badminton federatsiyasi raisi Aziz Abduhakimov, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Kongratbay Sharipov hamda yuqori darajadagi xorijlik mehmonlar ishtirok etdi.
Tadbirda dastlab turnirda qatnashayotgan 7 mamlakat — O’zbekiston, Tojikiston, Turkmaniston, Qirg’iz Respublikasi, Qozog’iston, Eron hamda Mo’g’uliston sportchilari saf tortishdi. Keyin har bir davlat madhiyasi yangradi.
Marosimda nutq so‘zlagan Vajid Ali Chaudhary Markaziy Osiyo Badminton chempionati yuqori darajada tashkil etilganini ta’kidladi va O‘zbekistonda badminton sport turiga qaratilayotgan e’tibor uchun minnatdorlik bildirdi.
O‘z navbatida Adham Ikramov badminton sport turining yangi bosqichga ko’tarilayotgani Yangi O‘zbekistonda sportga qaratilayotgan e’tibor samarasi ekanligini qayd etdi.
“Badminton — har tomonlama qulay, dinamikasi kuchli, aqlan va jismonan chiniqtiradigan sport turi. Shuning uchun ham so’nggi yillarda mazkur sport turiga jiddiy e’tibor qaratilmoqda. Markaziy Osiyo chempionatining aynan Toshkentda o’tkazilishi esa bu boradagi muhim qadam bo’ldi”, — dedi u.
Aziz Abduhakimov esa O‘zbekiston Prezidenti islohotlari samarasi o’laroq o’tayotgan mazkur turnir yosh sportchilar faoliyatida muhim o’rin tutishini ta’kidladi.
"Badminton chempionati shunchaki musobaqa emas, bu O'zbekiston, Qozog'iston, Tojikiston, Qirg'iz Respublikasi, Turkmaniston, Eron va Mo'g'uliston yoshlari o'rtasida samimiy do'stlik aloqalarini mustahkamlovchi, ularning sport bilan shug'ullanishi va sog'lom turmush tarzini targ'ib etuvchi muhim maydon hamdir. Ishonamanki, mazkur chempionat sizning sportdagi faoliyatingizda muhim ahamiyat kasb etadi", — dedi u.
Badminton Osiyo taraqqiyot qo’mitasi raisi Vajid Ali Chaudhary chempionat tashkilotchilariga minnatdorlik bildirdi.
Tadbir taniqli san’atkorlar ishtirokidagi kuy-qo’shiqlar bilan davom etdi. Shuningdek, turli ko’ngilochar shoular ham namoyish qilindi. Yakunda Vajid Ali Chaudhary hamda Aziz Abduhakimov tomonidan turnir ishtirokchilariga esdalik sovg’alari topshirildi.








