Yovvoyi o‘simliklar yetishtiriluvchi pitomnik va plantatsiyalar faoliyati takomillashtiriladi
2025-09-18 14:00:00 / Yangiliklar

Bu Vazirlar Mahkamasining “Yovvoyi holda o‘suvchi o‘simliklarni yetishtirish bo‘yicha pitomnik va plantatsiyalarning davlat hisobini yuritish tartibini takomillashtirish to‘g‘risida”gi 588-sonli qarorida belgilab qo‘yildi.
Qarorga ko‘ra, yovvoyi o‘simliklarni yetishtirish bo‘yicha pitomnik va plantatsiyalar o‘simliklarni yetishtiruvchilarning yer uchastkalarida tashkil etiladi. Bunda suv muhofazasi zonalarida plantatsiyalar tashkil etilishiga yo‘l qo‘yilmaydi, shuningdek, sun’iy ravishda sharoitlar yaratilmagan tabiiy muhitda inson omilisiz yovvoyi holda o‘sadigan o‘simliklar joylashgan yer uchastkalari pitomnik va plantatsiyalar hisoblanmaydi.
Muhim!
O‘zbekiston Respublikasi Qizil kitobiga kiritilgan kamyob va yo‘qolib ketish xavfi ostida turgan yovvoyi o‘simliklar turlarining urug‘lari, ko‘chatlari hamda nihollari pitomniklarda va plantatsiyalarda yetishtirilib, tabiiy muhitga ekilganidan keyin uch yil o‘tmasdan avval ularning urug‘larini yig‘ish yoki hosilini olish taqiqlanadi.
O‘simlik yetishtiruvchi ekish materiallari haqiqatan ekilganligini tasdiqlashni so‘rab, Davlat xizmatlari markazi yoki YaIDXP (my.gov.uz) orqali murojaat qiladi. Bunda so‘rovnomaga quyidagi hujjatlar ilova qilinishi lozim:
— O‘simlik dunyosi obyektlaridan maxsus foydalanish uchun ruxsatnoma;
— Yovvoyi holda o‘suvchi o‘simliklar va ularning qismlarini olib kirish va olib chiqishga ruxsatnoma;
— pitomnik yoki plantatsiyaning Yovvoyi holda o‘suvchi o‘simliklarni yetishtirish bo‘yicha pitomnik va plantatsiyalar reestrida davlat hisobiga olinganligi to‘g‘risida xabarnoma hamda ekish materialini yetkazib berish haqida shartnoma.
Vakolatli organ so‘rovnomani 5 ish kunida ko‘rib chiqib, pitomnik va plantatsiyalarni Yovvoyi holda o‘suvchi o‘simliklarni yetishtirish bo‘yicha pitomnik va plantatsiyalar reestrida davlat hisobiga oladi.
Mazkur qaror yovvoyi o‘simliklarni yetishtirish bo‘yicha pitomnik va plantatsiyalarning davlat hisobini yuritish tartibini yanada takomillashtirish, sohani raqamlashtirish orqali jismoniy va yuridik shaxslarga qulayliklar yaratishga xizmat qiladi.
