16-sentabr — Xalqaro ozon qatlamini muhofaza qilish kuni
2025-09-16 10:00:00 / Yangiliklar

Butun dunyoda, jumladan, mamlakatimizda ham “Ozon qatlamini” muhofaza qilish bo‘yicha qator tadbirlar amalga oshirilmoqda. Xususan, 1985-yilda Vena Konvensiyasi, 1987-yil 16-sentabrda esa Monreal protokoli tasdiqlangan. O‘tgan davr davomida ushbu protokolga besh marta o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilgan. O‘zbekiston hozirgi kunda ulardan 4 tasining (London, 1990-yil), (Kopengagen, 1992-yil), (Monreal, 1997-yil), (Pekin, 1999-yil) tomoni hisoblanadi. Shuningdek, so‘nggi tuzatish — 2016-yilda Ruanda davlatida qabul qilingan Kigali tuzatishlarini ratifikatsiya qilish rejalashtirilgan.
Mazkur hujjatlar talablarini bajarish maqsadida Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 9-yanvardagi “Ozonni buzuvchi moddalar va tarkibida ular bo‘lgan mahsulotlarning O‘zbekiston Respublikasiga importini tartibga solishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 17-son qarori qabul qilingan bo‘lib, ozonni buzuvchi moddalar va tarkibida bu moddalar bo‘lgan mahsulotlarning O‘zbekistonga importi va O‘zbekistondan eksportini davlat tomonidan tartibga solinmoqda.
ozonni buzuvchi moddalar mavjud yoki tarkibida ular bo‘lgan mahsulotlarni mamlakatimizga olib kirish bo‘yicha 5038 ta ariza o‘rnatilgan tartibda ko‘rib chiqilib, 45 tasiga ruxsatnoma, 4964 tasiga xulosalar va 29 tasiga rad etish xatlari rasmiylashtirildi.
Joriy yilning 6 oyi davomida tarkibida ozonni buzuvchi moddalar bo‘lgan mahsulotlarni O‘zbekistonga olib kirish bo‘yicha 2581 ta ariza o‘rnatilgan tartibda ko‘rib chiqilib, 25 tasiga ruxsatnoma, 2550 tasiga xulosalar va 6 tasiga rad etish xatlari rasmiylashtirildi.
Bugungi kunda “O‘zbekiston — 2030” strategiyasini “Atrof-muhitni asrash va yashil iqtisodiyot” yili doirasida amalga oshirishga oid davlat dasturi ijrosini ta’minlash maqsadida Monreal bayonnomasi Kigali tuzatmasiga qo‘shilishning maqsadga muvofiqligi yuzasidan o‘rganishlar olib borilmoqda.
Ma’lumot uchun, Ozon qatlamining o‘rtacha qalinligi taxminan 3 millimetrni tashkil etadi. Ozon molekulalari (O₃) yer yuzidan 10 km masofadan 50 km gacha bo‘lgan oraliqda tarqalgan. Ular quyoshning zararli ultrabinafsha nurlarini ushlab qoladi. Ozon qatlamiga xavf tug‘diruvchi moddalar, asosan, xlorftoruglerodlar, gallonlar, metilbromid va boshqa kimyoviy moddalardir. Ushbu moddalarning atmosferaga chiqishi ozon molekulalarini parchalaydi. Ozon qatlamining yemirilishi esa nafaqat insoniyat, balki atrof-muhit uchun ham juda katta salbiy ta'sir ko‘rsatadi.
