Qizil kitobga kiritilgan qushga yordam ko‘rsatildi
2025-09-15 15:00:00 / Yangiliklar

Saqoqush biosfera rezervatiga yaqin joylashgan A-380 avtomagistrali bo‘yida jarohatlangan holda yotganligi haqida xabar kelib tushdi. Ushbu xabar asosida rezervat xodimlari voqea joyiga yetib borib, qushni olib kelishdi va unga birinchi tibbiy yordam berildi.
Ko‘rik davomida qushning chap qanoti jarohatlanganligi aniqlandi. Tabiatga qo‘yib yuborilgan taqdirda ucha olmasligi hisobga olinib, qush “Nukus hayvonot bog‘i” MChJga parvarishlash maqsadida olib ketildi. Hozirda saqoqush doimiy nazorat ostida.
Ma'lumot uchun, pushti saqoqush zaif, qisqarib borayotgan, uchib o‘tuvchi-uyalovchi tur sifatida O‘zbekiston Qizil kitobi va Tabiatni muhofaza qilish Xalqaro ittifoqi (TMXI) Qizil ro‘yxatiga kiritilgan. Janubiy Orolbo‘yida uyalaydi, Amudaryo, Zarafshon, Sirdaryo havzalarida uchib o‘tadi, ba'zan qishlab qoladi. Mart-aprel va sentabr–noyabr oylarida ko‘chadi. Baliqlar bilan oziqlanadi.
