Toza havo sari yana bir qadam: O‘zbekiston AI-80'dan voz kechdi
2025-09-12 15:00:00 / Yangiliklar

Jahon statistikasi shuni ko'rsatadiki, atmosferaga zararli tashlamalarning 60 foizi avtotransport vositalaridan keladi. Bu respublikada atmosfera havosining ifloslanishi, shaharlarda chang, zararli gazlar va tutun konsentratsiyasining ko'payishi bilan bog'liq fuqarolar murojaatlari soni ko'payishida namoyon bo'lmoqda.
Xalqaro statistik ma'lumotlarga ko'ra, havoni ifloslantiruvchi manbalar quyidagicha taqsimlanadi:
— transport vositalari – 59%,
— sanoat korxonalari – 21%,
— elektr energiyasi ishlab chiqarish – 20%.
Ayniqsa, AI-80 markali past oktanli benzin yordamida ishlaydigan avtomobillar katta xavotir uyg‘otmoqda. Ushbu yoqilg‘i ishlatilganda atmosferaga yuqori sifatli yoqilg‘i turlariga nisbatan ancha ko‘p karbonat angidrid, azot oksidlari, oltingugurt dioksidi, uglevodorodlar hamda PM2.5 zarrachalari chiqariladi.
Jahon hamjamiyati ushbu yo‘nalishda transportdan chiqadigan zararli chiqindilarni kamaytirish bo‘yicha faol choralar ko‘rmoqda.
— Yevropa Ittifoqi motor yoqilg'isi sifatini "YEVRO" standartlardan foydalangan holda qat'iy nazorat qiladi. 2005-yilda joriy etilgan YEVRO-4 standarti past sifatli yoqilg‘i, jumladan, AI-80 benzinidan foydalanishni cheklab qo‘ydi.
— Efiopiya 2024-yil yanvar oyida benzin va dizel yoqilg‘isidagi avtomobillar importini to‘liq taqiqlagan birinchi davlat bo‘ldi. Ushbu qaror yoqilg'i importi xarajatlarini qisqartirdi va ekologik vaziyatni yaxshiladi.
— Chili va AQSh 2035-yilgacha benzinli avtomobillarni sotishni to'xtatish rejalarini e'lon qildi.
— MDH davlatlarida ham AI-80'dan foydalanish taqiqlangan, elektromobillar olib kirishda soliq imtiyozlari berilgan. Afg'oniston bundan mustasno bo'lib, bu turdagi yoqilg'idan keng foydalanish davom etmoqda.
Tadqiqotlar shuni ko'rsatadiki, yoqilg'i tarkibidagi oltingugurt miqdorini kamaytirish azot oksidi tashlamalarini 30 foizga qisqartirishi mumkin. Elektr transport vositalariga o'tish global CO₂ tashlamalarini 2 gigatonnaga kamaytiradi.
Standartlarni taqqoslash, shuningdek, ekologik talablardagi farqni ko'rsatadi:
— AI-80 oltingugurt miqdorini 0,5% gacha, Yevro-5 standarti esa atigi 0,001% (500 baravar kam) ga ruxsat beradi;
— AI-80 tarkibidagi benzol miqdori 5 foizga yetishi mumkin, Yevro-5 esa bu ko‘rsatkichni 1 foizgacha cheklaydi;
— "Yevro-5" standarti yonish jarayonida aromatik birikmalar ulushini ham cheklaydi, AI-80 esa bunday me’yorlar umuman nazarda tutmaydi.
Ekologik tahdidlarning kuchayib borayotganini hisobga olgan holda, O‘zbekiston izchil ravishda past oktanli yoqilg‘idan voz kechish yo‘lidan bormoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini “Atrof-muhitni asrash va "yashil iqtisodiyot" yili"da amalga oshirishga oid Davlat dasturi to‘g‘risida”gi 16-son Farmonida 2025-yil oxirigacha AI-80 rusumli motor yoqilg‘isidan foydalanish va sotishga cheklovlar joriy etilishi belgilandi. Shu bilan birga, aholining sifatli, ekologik toza va arzon yoqilg‘i bilan ta’minlanishiga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Joriy yilning 2-sentabridan boshlab “O‘zbekneftgaz” AJ AI-80 rusumli benzinni birja savdolariga qo‘yishni to‘xtatdi, shu bilan birga AI-92 benzinini sotish hajmini oshirdi.
O‘zbekiston transport vositalaridan zararli tashlamalarni kamaytirishga qaratilgan global tendensiyalarga bosqichma-bosqich amal qilmoqda. AI-80'dan voz kechish havo sifatini yaxshilash, fuqarolar salomatligini muhofaza qilish va “yashil iqtisodiyot”ni shakllantirishga qaratilgan muhim qadamdir.




