Tabiat himoyachilarining farzandlari va nabiralari uchun kontrakt to‘lovi qoplab beriladi
2025-09-05 18:00:00 / Yangiliklar

Bu borada O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 16-avgustdagi 514-sonli qarorida belgilab qo‘yilgan.
Qarorga ko‘ra, “Tabiat uyg‘unligi himoyachisi” tanlovida sanitar tozalash korxonalarining chiqindilarni yuklash, tashish, joylashtirish va saralash hamda obodonlashtirish boshqarmalarining tozalash ishlari bilan shug‘ullanuvchi ko‘p yillar davomida sadoqatli mehnat qilgan xodimlar qatnashishi mumkin.
Tanlovning navbatdagi bosqichi 2025-yil 1-sentabrda boshlanib, g‘oliblar 8-dekabr — O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilingan kun arafasida aniqlanadi va munosib taqdirlanadi. G‘oliblarning davlat oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirgan farzandlari yoki nabiralariga kontrakt to‘lovi to‘lab beriladi.
Eslatma! Tanlovda qatnashish uchun arizalar 2025-yil 30-sentabr soat 17:00ga qadar Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligining info@sanitation.uz elektron pochta manziliga yoki Agentlikning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar boshqarmalariga yuborilishi lozim.
Bu kabi tanlovlar, avvalo, inson qadrini yanada ulug‘lash, shu bilan birga, uzoq yillar davomida tozalik va obodonchilik yo‘lida fidokorona xizmat qilib kelayotgan soha xodimlarini e’zozlash, ularning oila a’zolari uchun qulay imkoniyatlar yaratish barobarida farzandlarining Vatan ravnaqi yo‘lida munosib xizmat qiladigan ilmli, ziyoli kadr bo‘lib yetishishiga zamin yaratishga xizmat qiladi.
Shuningdek, aholi orasida ekologik bilim va madaniyatni targ‘ib qilish, chiqindilar bilan bog‘liq ishlarning ekologik xavfsiz tizimini takomillashtirish, soha fidoyilarini qo‘llab-quvvatlash, chiqindilarning inson salomatligi va atrof-muhitga salbiy ta’sirining oldini olish ham maqsad qilingan.
Tanlovga oid qo‘shimcha ma'lumot uchun "1205" va "1275" raqamlariga qo‘ng‘iroq qiling.
