Farg‘ona viloyatida ekspertiza xulosasini olishga doir jamoatchilik eshituvlari o‘tkazildi
2025-09-02 16:00:00 / Yangiliklar

Ma’lumot uchun, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Aholining ichimlik suv ta’minoti va oqova suv xizmatlari bilan ta’minlanganlik darajasini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Qaroriga asosan, sifatli ichimlik suvi va oqova suv xizmatlarini yetkazib berish borasida ko‘plab ishlar amalga oshirilmoqda. Farg‘onada amalga oshirilishi rejalashtirilgan loyiha ham shular jumlasidandir.
Loyiha viloyatning yetti tumani — Beshariq, Buvayda, Uchko‘prik, Bog‘dod, Oltiariq, Quva va Quvasoyda amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan. Ushbu hududlarda zamonaviy suv tarmoqlari qurilib, mavjud infratuzilmalar yangilanadi.
Jamoatchilik eshituvi davomida mahalliy aholiga loyiha haqida to‘liq ma’lumot berildi. Mahalliy aholi bu borada o‘z taklif va mulohazalarini bildirdi. Muhokamalarda atrof-muhitga ta’sir, yer ajratish va ko‘chirish masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi. Yakunda loyiha jamoatchilik tomonidan ma’qullandi.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, loyiha natijasida aholini toza ichimlik suvi bilan qamrab olish ko‘lami kengayadi, sanitariya holati yaxshilanadi, kanalizatsiya tizimlari takomillashib, ekologik barqarorlik ta’minlanadi. Shuningdek, mahalliy aholi turmush sifati va sog‘lom hayot tarzi darajasi oshadi.



