Atrof-muhitni chiqindilardan tozalashga qaratilgan "Dolzarb 10 kunlik" boshlandi
2025-08-26 10:00:00 / Yangiliklar

Tozalik tadbirlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining "O‘zbekiston – 2030" strategiyasini "Atrof-muhitni asrash va "yashil iqtisodiyot" yilida amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida"gi 16-son Farmonida belgilab berilgan topshiriqlar ijrosini ta'minlash hamda atrof-muhitni ozoda saqlash maqsadida tashkil etilmoqda.
10 kun davomida respublikadagi barcha jamoat joylari, bog‘lar, xiyobonlar, ko‘chalar va boshqa hududlar chiqindilardan tozalanadi. Shuningdek, aholi, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida ekologik madaniyat va sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qilishga alohida e'tibor qaratiladi.
Ma'lumot uchun, "Dolzarb 10 kunlik" tadbirlari Ekologiya vazirligi, tizim tashkilotlar va hududiy boshqarmalar tomonidan doimiy tarzda o’tkazib kelinadi. Xususan, 2024-yilning 25-dekabridan 2025-yilning 5-yanvar kuniga qadar o‘tkazilgan tadbirlarda 800 263 ta jamoat joylari, mahallalar va markaziy ko‘chalar obod qilingan hamda respublika hududi jami 135 ming 200 tonna chiqindidan tozalangan.
