Noqonuniy ravishda archa daraxtlarini kesgan shaxsga chora koʻrildi
2025-08-22 15:00:00 / Yangiliklar

Reyd davomida Samarqand viloyati Urgut tumanida yashovchi fuqaro Y.J. Jizzax suv ombori hududida ikkita archa daraxtini ildizi bilan sugʻurib olgani maʼlum boʻldi.
Bu xatti-harakat “Oʻsimlik dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish toʻgʻrisida”gi qonun talablarini buzish hisoblanadi. Huquqbuzarga nisbatan Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 79-moddasiga asosan bayonnoma tuzildi. Unga bazaviy hisoblash miqdorining 25 baravari miqdorida (9,3 million soʻm) jarima belgilandi, shuningdek, tabiatga 7,5 mln so’m zarar yetkazilgani ma’lum bo’ldi. Ikkala toʻlov ham davlat hisobiga toʻliq undirildi.
Ekologiya vazirligi yana bir bor tabiatga yetkazilgan har qanday zarar qonunga ko’ra jiddiy javobgarlikka sabab boʻlishini eslatib o’tadi. Atrof-muhitni asrash har bir fuqaroning burchidir.

