Kamera obyektivida noyob qush
2025-08-11 12:00:00 / Yangiliklar

Itolg‘i — lochinlar oilasiga mansub qush bo‘lib, O‘zbekiston Qizil kitobiga va Xalqaro tabiatni muhofaza qilish ittifoqining (XTMX) Qizil ro‘yxatiga yo‘qolib borayotgan quyi tur maqomida kiritilgan. Uning qanot kengligi 35–43 sm ga yetadi, urg‘ochisining vazni 820–980 g, erkagining vazni esa 970–1130 g bo‘ladi. Ushbu qush dasht, cho‘l va o‘rmon-dasht hududlarida yashaydi, O‘zbekistonning tog‘li va pasttekislik hududlarida ham uchraydi. Itolg‘ilar asosan, daraxtlar va qoyalar ustiga uya quradilar, qushlar va kemiruvchilar bilan oziqlanadi. Urg‘ochisi fevral–mart oylarida 3–5 dona tuxum qo‘yadi va taxminan 28 kun davomida ularni bosadi, may–iyun oylariga kelib esa polaponlar uchishga tayyor bo‘la boshlaydi.
Itolg‘i mamlakatimizda kamyob bo‘lib borayotgan qush hisoblanadi. Kuzatishlar davomida ularning 70 juftdan ortig‘i qayd etilgan, migratsiya va qishlash davrida esa alohida holda uchrashi mumkin. Ushbu kuzatuvlar mutaxassislarga populyasiya holatini baholash hamda uni asrab qolish bo‘yicha zarur choralarni ishlab chiqishda muhim ahamiyatga ega.
Ma’lumot uchun: "Surxon" davlat qo‘riqxonasi 1986-yil 8-sentyabrda Surxondaryo viloyatining Sherobod tumanida tashkil etilgan. Hozirgi kunda qo‘riqxona hududida 194 turdagi umurtqali hayvonlar yashaydi. Jumladan, 26 tur sut emizuvchilar, 137 tur qushlar, 24 tur sudralib yuruvchilar, 2 tur amfibiyalar va 5 tur baliqlar mavjud.
